Logo

O‘zbekistonda markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarima kamaytiriladi

Бугун 11:552 дақиқа

Yangi tartib tadbirkorlarga yengillik berishi kutilmoqda. Amalda esa markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarima oxirgi hisobot choragidagi sof tushumning 2 foizini tashkil etadi.

O‘zbekistonda markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarima kamaytiriladi © CRPT TURON

O‘zbekistonda majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlarga nisbatan javobgarlik choralari yengillashtiriladi. Bu prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyiga qadar tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Unda:

— chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar uchun markirovkalash qoidalarini buzganlik bo‘yicha jarimalarni qat’iy miqdorda belgilash;

— qoidabuzarlik birinchi marta aniqlangan holatda tadbirkorni jarimaga tortish o‘rniga ogohlantirish tartibini joriy etish taklif etilmoqda

Amaldagi jarima qancha?

Hozirgi tartibga ko‘ra, majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun oxirgi hisobot choragidagi sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llanadi.

Agar xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, jarima miqdori 20 foizgacha yetishi mumkin. Yangi qonun loyihasi aynan shu mexanizmni tadbirkorlar uchun yengillashtirishga qaratilgan.

Bunda jarimani sof tushumga bog‘lash o‘rniga uni qat’iy miqdorda belgilash taklif etilmoqda. Bu, ayniqsa, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi subyektlar uchun moliyaviy yukni kamaytirishi mumkin.

Mehmonxonalarga alohida tartib

Farmonda mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun markirovkalash bo‘yicha alohida tartib ham belgilandi.

Unga ko‘ra, bunday tadbirkorlar suv va salqin ichimliklar, pivo hamda tamaki mahsulotlarini xarid qilganda, ularning raqamli markirovka kodlari korxona tomonidan yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.

Ushbu chora markirovka tizimida mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun hisobga olish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan.

Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga Vazirlar Mahkamasi, Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi mas’ul etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan boshlab majburiy raqamli markirovka tatbiq etilgan tovarlarni realizatsiya qilish jarayonida qo‘shimcha tekshiruvlar amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид