O‘zbekistonda oltin quymalari narxi bir haftadan beri tushmoqda
Jahon bozoridagi pasayish fonida mahalliy oltin narxlari ham fevraldagi minimumlariga yaqinlashdi.

O‘zbekistonda o‘lchovli oltin quymalari narxi keskin pasaydi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 5 grammlik quyma bir kun ichida 242 ming so‘mga arzonlashib, 9,78 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 20-fevraldan beri ilk bor 10 mln so‘mdan pastga tushdi.

3-mart kuni O‘zbekistonda oltin quymalarining narxi yangi rekordni o‘rnatgan edi. 5 g ko‘rinishidagi oltin quymalari birinchi marta 10 mln 864 ming so‘mga chiqib, 29-yanvar kunidagi rekord yangilagandi.
Oxirgi bir haftada esa O‘zbekistonda oltin quymalari narxi pasayish tendensiyasini boshdan kechirmoqda.

Narxlardagi pasayish xalqaro bozordagi vaziyat bilan bog‘liq. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida oltinning troya unsiyasi narxi 4 786 dollargacha tushgan bo‘lib, bir kunlik pasayish 0,80 foizni tashkil etgan.
Avvalroq Yaqin Sharq mintaqadagi harbiy vaziyat va neft narxining qimmatlashiga qaramay, oltin bozorida barqarorlik kuzatilayotganligi haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlarga ko‘ra, narxlarning so‘nggi paytlardagi tebranishi va dollarning mustahkamlanishi oltinning «xavfsiz aktiv» sifatidagi jozibasini kamaytirmoqda.





