O‘zbekistonda qaysi davlat korxonalari ko‘p?

Бугун 15:351 дақиқа

Mamlakatda so‘nggi besh yilda chet el ishtirokidagi korxonalar soni 1,4 barobarga o‘sgan.

O‘zbekistonda qaysi davlat korxonalari ko‘p?

O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2026 yil 1-mart holatiga 18 770 taga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 18 770 ta korxonaning 4 365 tasi qo‘shma korxonalar bo‘lsa, 14 405 tasi to‘liq xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalardan iborat.

So‘nggi besh yil davomida chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni 1,4 barobarga ko‘paygan. Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar ulushi 55,2 foizdan 76,7 foizgacha o‘sgani qayd etilgan.

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda — 5 257 ta korxona. Rossiya 3 214 ta kompaniya bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.

Uchinchi o‘rinda Turkiya joylashgan bo‘lib, ushbu mamlakat ishtirokida 2 173 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston (1 232 ta) va Janubiy Koreya (709 ta) ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

Reytingda Afg‘oniston (653 ta), Ozarbayjon (430 ta), Birlashgan Arab Amirliklari (421 ta), Tojikiston (420 ta) va Hindiston (397 ta) ham TOP-10 davlatlar qatoriga kirgan.

Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘sish mamlakatda biznes muhitini yaxshilash, investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq faoliyat turlari kesimida xorijiy korxonalarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelishi haqida xabar bergan edik. 2025 yilda bu yo‘nalishda 6 403 ta korxona ish yuritib, umumiy xorijiy biznesning eng katta qismini tashkil etgan.

Теглар

Мавзуга оид