Logo

O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 8 oyda 7,2 trln so‘mga yetdi

Hozirda 481,1 ming o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 8 oyda 7,2 trln so‘mga yetdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 7,2 trillion so‘mga yetgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Joriy yilning sakkiz oyida 242 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, jami 329 million marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan.

Yo‘lovchi tashish aylanmasi 7,2 trillion so‘mdan oshib, shundan 4,5 trillion so‘mi yoki 63,1 foizi naqd, 2,6 trillion so‘mi, ya’ni 36,9 foizi esa naqdsiz to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘rtacha bitta chek 21 785,5 so‘mni tashkil etgan.

Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 481,1 ming o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda, shundan 4 107 nafarini ayollar tashkil qiladi. Agregatorlar 2026 yil yanvar-avgust oylarida jami 149,2 milliard so‘m soliq, shundan 46,8 milliard so‘m QQS to‘lagan.

Haydovchilarning daromad ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlangan:

- 100 mln so‘mdan ko‘p — 7,9 ming nafar
- 50−100 mln so‘m — 31,5 ming nafar
- 10−50 mln so‘m — 124,4 ming nafar
- 5−10 mln so‘m — 59,9 ming nafar
- 1−5 mln so‘m — 123,6 ming nafar
- 1 mln so‘mgacha — 133,7 ming nafar

Eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar orasida Cobalt (27 foiz), Nexia (19,3foiz) va Lacetti (16,1foiz) asosiy ulushga ega. Elektromobillar esa jami avtomobillarning 2,5 foizini tashkil etadi. Avtomobillarning 16,3 foizi 1−3 yil, 37,1 foizi 3−5 yil, 17,3 foizi 5−10 yil, 29,2 foizi esa 10 yildan ortiq muddatdan beri foydalanilmoqda.

2025 yil sarhisobi: 9,6 trln so‘mlik aylanma

O‘tgan 2025 yil yakunlariga ko‘ra, 224 ta taksi agregatori orqali jami 479 million marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilib, aylanma 9,6 trillion so‘mdan oshgan edi. Bu haqda qo‘mitaning o‘tgan yilgi tahlillarida bayon qilingan.

Ushbu mablag‘ning 6,7 trillion so‘mi (70,2 foiz) naqd, 2,8 trillion so‘mi (29,8 foiz) naqdsiz to‘lovlar orqali bajarilgan. 2025 yilda o‘rtacha chek 20 082,5 so‘mni tashkil etgan.

O‘sha yili agregatorlar orqali 574,6 ming haydovchi, shu jumladan 4 726 nafar ayol faoliyat yuritgan. Haydovchilarning 59,1 foizi (339 681 kishi) 30-50 yoshda, 33 foizi (189 547 kishi) 30 yoshgacha va 7,9 foizi (45 398 kishi) 50 yoshdan kattalarni tashkil qilgan. 2025 yilda 15,5 mingga yaqin haydovchi 100 million so‘mdan ortiq, eng katta qatlam — 159,7 ming haydovchi esa 1 million so‘mgacha daromad olgan.

2025 yilda ham Cobalt (23,7 foiz), Nexia (20,7 foiz) va Lacetti (16,9 foiz) eng ko‘p foydalanilgan avtomobillar bo‘lgan bo‘lsa, elektromobillar ulushi 1,9 foizni ko‘rsatgan. Agregatorlar tomonidan davlat budjetiga 128,2 milliard so‘m soliq, shu jumladan 63,6 milliard so‘m QQS to‘langan.

Теглар

Мавзуга оид