Logo

O‘zbekistonda tashqi savdoda vositachilar uchun yangi shartnoma turi joriy etilishi mumkin

Бугун 22:103 дақиқа

Yangi tartib vositachilarga xorijiy hamkorlardan kelgan mablag‘larni tranzit sifatida o‘tkazish va xizmat haqini ushlab qolish imkonini beradi.

O‘zbekistonda tashqi savdoda vositachilar uchun yangi shartnoma turi joriy etilishi mumkin © Getty Imagеs

O‘zbekistonda elektron savdo, xalqaro tashuvlar va boshqa tashqi savdo operatsiyalarida vositachilik xizmatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish taklif etilmoqda. Buning uchun tashqi savdo operatsiyalarini nazorat qilish tartibiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida tegishli hujjat loyihasini e’lon qildi.

Tashqi savdoda yangi shartnoma turi paydo bo‘ladi

Loyihaga ko‘ra, tashqi savdo vositachilik shartnomasi alohida shartnoma turi sifatida joriy etiladi.

Unga ko‘ra, vositachi boshqa shaxsning manfaatlari yo‘lida agentlik, komissiya yoki boshqa xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida tashqi savdo operatsiyalarini tashkil etuvchi shaxs hisoblanadi.

Bunday xizmatlarni rezident yuridik shaxslar bilan bir qatorda yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ko‘rsatishi mumkin.

Vositachi o‘z vakolati doirasida hisob-kitoblarni amalga oshirishi, mablag‘larni qabul qilishi hamda ularni norezidentga yoki shartnomada ko‘rsatilgan boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Vositachiga kelgan mablag‘ uning daromadi hisoblanmaydi

Taklif etilayotgan tartibda vositachi uchinchi shaxslardan shartnomada ko‘rsatilgan shaxs foydasiga o‘tkazish uchun qabul qilgan mablag‘lar tranzit mablag‘lar sifatida qaraladi.

Shu sababli bu mablag‘lar vositachining daromadi hisoblanmaydi. Vositachi esa shartnoma shartlariga muvofiq ko‘rsatgan xizmati uchun haqini tranzit mablag‘lar hisobidan ushlab qolishi mumkin.

Tijorat banklari ham bunday mablag‘larni vositachilik shartnomasi asosida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, mazkur operatsiyalar vositachi uchun import yoki eksport operatsiyasi hisoblanmaydi va soliq solish obyekti sifatida qaralmaydi.

Marketpleyslar uchun hisob-kitoblar soddalashishi mumkin

Vazirlik loyihani elektron tijorat va xalqaro tashuvlar sohasida yuzaga kelayotgan huquqiy muammolarni bartaraf etish zarurati bilan izohlagan.

Hozirda tovar va xizmatlarni elektron savdo platformalari, axborot vositachilari, agentlar va komissionerlar orqali sotish kengayib bormoqda. Biroq amaldagi tashqi savdo tartibida bunday vositachilik shartnomalarini hisobga olish mexanizmi to‘liq belgilanmagan.

Amaldagi qoidalar onlayn platformalar orqali eksport qilish va invoysdan foydalanish imkonini beradi. Biroq vositachilik shartnomalari hamda ular doirasidagi operatsiyalarni Bojxona qo‘mitasining «Ye-kontrakt» tizimida aks ettirish imkoniyati mavjud emas.

Bu esa norezidentlar bilan hisob-kitoblarda ma’muriy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Xususan, O‘zbekistondagi marketpleys egalari xorijiy kompaniyalar bilan tovarlarni joylashtirish va sotish bo‘yicha vositachilik shartnomalarini tuzishi mumkin. Ammo amaldagi tartib ularga komissiyani ushlab qolgan holda sotuvdan tushgan mablag‘ni norezidentga o‘tkazish imkonini bermaydi.

Natijada marketpleyslar bunday hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmatlar importi bo‘yicha shartnoma tuzishga majbur bo‘lmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, bu amalda xizmatlar eksporti amalga oshirilayotgan bir sharoitda xizmatlar importi hajmining sun’iy ravishda oshishiga olib kelmoqda.

Bunday yondashuv soliqqa tortish masalalarida ham tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Elektron reyestrlar tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadi

Loyiha tashqi savdo vositachilik shartnomalarini tashqi savdo shartnomasining mustaqil turi sifatida tan olishni nazarda tutadi.

Shuningdek, elektron operatsiyalar reyestrlaridan tasdiqlovchi hujjat sifatida foydalanish va norezidentlar bilan hisob-kitoblarni soddalashtirish taklif etilmoqda.

Yangi mexanizm qabul qilinsa, vositachilarning tashqi savdo operatsiyalarini rasmiylashtirishi va mablag‘larni norezidentlar o‘rtasida taqsimlashidagi ma’muriy to‘siqlar kamayishi kutilmoqda.

Hujjat loyihasi bo‘yicha muhokamalar 30-avgustga qadar davom etadi.

Теглар

Мавзуга оид