Logo

O‘zbekistondan kiberjinoyatga aloqador 18,8 mingta bank kartasi bloklandi

2026-yilning yanvar-iyun oylarida 13 mingdan ortiq fuqarolarga yetkazilgan 120 mlrd 496 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan. Shuningdek, 29 trln so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan.

O‘zbekistondan kiberjinoyatga aloqador 18,8 mingta bank kartasi bloklandi

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil vazirlik tizimida «Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili», deb e’lon qilinib, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholi o‘rtasida kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish va fuqarolarni internetdagi mavjud xavflardan ogohlantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar keskin kuchaytirilgan. Markaziy bank bilan hamkorlikda ishga tushirilgan maxsus tizim orqali 29 trln so‘m mablag‘ning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan. Shuningdek, jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklangan.

120 mlrd so‘m qaytarildi

Aniqlangan kiberjinoyatlarning 4 011 tasi ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan fosh etilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 mlrd 496 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.

Kiberjinoyatlarning oldini olishda profilaktikaga ham alohida e’tibor qaratilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, targ‘ibot tadbirlari orqali mamlakat aholisining qariyb 23 millioni qamrab olingan.

Bu ishlar fuqarolarni internetdagi firibgarlik, moliyaviy xavflar va boshqa kiberjinoyatlardan himoya qilishga qaratilgan. Biroq yig‘ilishda amalga oshirilayotgan choralar hali yetarli emasligi tanqid qilingan.

Murojaatlarni chuqur o‘rganish, jinoyatlarning sodir etilish sabablari va ularga imkon berayotgan omillarni tahlil qilish zarurligi ta’kidlangan.

Kiberxavfsizlik kuchaytiriladi

Ichki ishlar organlari xodimlarining kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xodimlarni zamonaviy axborot texnologiyalari va kiberjinoyatlarni aniqlash usullariga o‘rgatish ishlarini jadallashtirish topshirildi.

Shu bilan birga, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faqat jinoyat sodir bo‘lganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanmasligi belgilandi. Profilaktika, moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilish va aholining raqamli savodxonligini oshirish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.

Теглар

O‘zbekistondan kiberjinoyatga aloqador 18,8 mingta bank kartasi bloklandi | Vaqt.uz