O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi mamlakatga safar qilgani ma’lum bo‘ldi

20.02.2026 | 12:231 дақиқа

Yanvar oyidagi safarlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlar va Saudiya Arabistoni hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi mamlakatga safar qilgani ma’lum bo‘ldi

2026 yil yanvar oyida 589 647 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,2 ming nafarga yoki 6,9 foizga ko‘pdir. Ko‘rsatkich aholining qo‘shni davlatlar va diniy yo‘nalishlarga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Eng ommaviy yo‘nalish

Eng ommaviy yo‘nalish sifatida Qirg‘iziston yetakchilik qildi. Ushbu davlatga 232 174 nafar o‘zbekistonlik borgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Tojikiston (98 659 nafar) va Qozog‘iston (88 012 nafar) egalladi. Ushbu uch davlatga jami safarlar ulushi taxminan 71 foizni tashkil etdi.

To‘rtinchi o‘rinda Saudiya Arabistoni qayd etildi. Yanvar oyida ushbu mamlakatga 62 655 nafar fuqaro yo‘l olgan. Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Saudiya Arabistoni hissasiga umumiy safarlarning qariyb 82 foizi to‘g‘ri kelgani ta’kidlanmoqda.

Qolgan yo‘nalishlar orasida Rossiya (32 291 nafar), Turkiya (17 288 nafar) va BAA (16 030 nafar) bor. Shuningdek, Tailand (6 890 nafar), Xitoy (6 117 nafar) va Misr (4 585 nafar) ham top-10 ro‘yxatidan joy olgan.

Tahlillarga ko‘ra, qo‘shni davlatlarga safarlar nisbatan arzon va qisqa muddatli bo‘lishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoniga borganlar sonining yuqoriligi umra va boshqa ziyorat safarlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Statistika mamlakat aholisining xalqaro harakatchanligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид