O‘zbekistonliklar kartalardagi pulni kamroq naqd qilmoqda

2026-yil birinchi choragida O‘zbekistonda naqd pul aylanmasi va pul tushumlari sezilarli darajada oshdi, biroq naqdlashtirish ulushi pasayishda davom etmoqda.

O‘zbekistonliklar kartalardagi pulni kamroq naqd qilmoqda © iStock

2026 yil birinchi choragida O‘zbekistonda naqd pul muomalasi va banklar orqali pul aylanmasi barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan naqd pul muomalasi bo‘yicha sharhda ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning 3 oyida umumiy pul tushumlari (naqd pul va terminal orqali tushumlar) 316 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, banklarga tushumlarda terminallar va mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar ulushi 43 foizdan 47 foizgacha ko‘tarildi. Savdo va xizmatlar sohasida esa ushbu ko‘rsatkich 49 foizdan 51 foizga yetdi.

1

Naqd pul aylanmasi

2026 yil yanvar–mart oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 330 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ko‘pdir. Shundan 166 trln so‘m banklarga tushgan naqd pullar, 164 trln so‘m esa berilgan naqd pullar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Naqd pul tushumlari o‘tgan yilga nisbatan 34 trln so‘mga yoki 26 foizga oshdi. Bu o‘sish asosan bank xizmatlari, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar ko‘payishi hisobiga ta’minlangan.

2

Naqd pul chiqimlari

Bank kassalari va bankomatlar orqali berilgan naqd pullar ham sezilarli oshdi. Xususan, 2026 yil birinchi choragida jami 164 trln so‘m naqd pul berilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga ko‘pdir.

Ushbu o‘sishga asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 13 trln so‘mga, aholidan naqd chet el valutasini sotib olish uchun ajratilgan mablag‘larning 11 trln so‘mga va omonat hisobvaraqlaridan naqd pul yechishning 6 trln so‘mga oshgani ta’sir ko‘rsatgan.

3

Kartalar va naqdlashtirish

Shu bilan birga, bank kartalari orqali tushumlar ham sezilarli o‘sdi. Joriy yil birinchi choragida kartalarga kirim qilingan mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobarga oshdi.

Biroq, kartalardan naqd pul yechish ulushi pasayishda davom etmoqda. Ushbu davrda 71 trln so‘m mablag‘ naqdlashtirilgan bo‘lib, bu kartalarga tushgan mablag‘larning 17 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz bandga kamaygan.

4

Теглар

Мавзуга оид