Logo

Prezident Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosini bartaraf etishni topshirdi

Mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalari o‘rnatilib, bu muammoni bartaraf etish topshirildi.

Prezident Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosini bartaraf etishni topshirdi © Foto: prezident.uz

4-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Sergeli tumanida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, infratuzilma loyihalari va aholi soni o‘sishi bilan bog‘liq yangi vazifalar muhokama qilindi.

Davlat rahbari yaqin vaqtgacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida bugun iqtisodiy va ijtimoiy muhit sezilarli o‘zgarganini ta’kidladi. So‘nggi o‘n yilda tumanda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari qurildi.

Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga yetdi. Tuman budjeti tushumlari esa 382 milliard so‘mdan 2,2 trillion so‘mgacha oshib, 5,5 barobar o‘sdi.

Aholi soni kutilgandan ko‘p


Yig‘ilishda Sergelida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hali yechimini kutayotgan masalalar borligi qayd etildi. Xususan, transport, elektr, suv va kanalizatsiya tarmoqlarini aholi o‘sishiga moslashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Aholini xatlovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, avval tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, amalda Sergelida 236 mingga yaqin odam istiqomat qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 300 ming nafardan oshishi kutilmoqda. Shu sababli uy-joy, maktab, bog‘cha, poliklinika va yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan rejalar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Toshkent viloyatidan Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada ham infratuzilma muammolari borligi aytildi. Ushbu hududlarda yoritish tizimini 10 kun ichida ishga tushirish va yil yakunigacha kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash topshirildi.

Badbo‘y hid muammosiga yechim

Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan asosiy muammolardan biri — suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid ekani qayd etildi.

Prezident mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan yangi suv tozalash inshooti qurilishi boshlanishi ma’lum qilindi. Bu Sergelidagi mavjud inshootga tushayotgan yuklamani kamaytiradi.

Investitsiya va transport rejalari

Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali esa 2,2 trillion so‘m resurs ajratilgan. Yil yakunigacha 60 ta yangi loyiha hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, yer usti metro liniyasi ostida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari tashkil etiladi. Sergelida metroning 8,5 kilometr qismida shunday loyihalar amalga oshirilib, 137 ta biznes obekti va 1–1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Transport tizimini yaxshilash uchun asosiy 23 kilometr yo‘lda harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqiladi. Chorrahalarga 455 ta «aqlli» svetofor o‘rnatilib, 150 ta avtobus bekati yangilanadi va 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi.

Kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurilishi ham rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид