Logo

Prezident Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni imzoladi

Бугун 14:332 дақиқа

Konstitutsiyaviy qonun imzolanishi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi rasman mustahkamlandi. Endi u Angliya huquqi asosida faoliyat yuritadi.

Prezident Toshkent xalqaro moliya markazi haqidagi qonunni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, mazkur hujjat joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda qariyb o‘n yil davomida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning mantiqiy natijasi hisoblanadi. Shu bilan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlandi.

Markaz Angliya huquqi asosida, alohida huquqiy maqomga ega hudud sifatida ishlaydi. Unda maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi va xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy muhit joriy etiladi.

«Global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari aynan mana shunday shaffof mexanizmlar bilan ishlashga o‘rgangan. Mazkur yangi regulyatorlik ekotizimi xalqaro kapital, zamonaviy moliya xizmatlari va yirik transmilliy loyihalar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshirishi kutilmoqda», — deydi Saida Mirziyoyeva.

U «ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiya» ekanini ta’kidladi.

«Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalarni hamda kapitalning eng yuqori darajadagi himoyasini kafolatlagan holda, jahon moliya tizimining uzviy qismiga va butun mintaqa iqtisodiy rivojining yetakchi drayveriga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda», — deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyeva.

Qonun haqida

Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi. Shuningdek, birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichlaridan iborat mustaqil xalqaro tijorat sudi faoliyat yuritadi.

Markaz boshqaruv organlari fuqarolik, korporativ, tijorat, bank, soliq, mehnat huquqi, davlat xaridlari hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohalari bo‘yicha normativ hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

TXMM ishtirokchilari chet el fuqarolarini ishlashga ruxsatnomasiz yollashi, ayrim hisob-kitoblarni xorijiy valuta yoki kriptoaktivlarda amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ishtirokchilar va ularning oila a’zolari uchun besh yilgacha muddatli maxsus kirish vizasi tartibi joriy etiladi.

Qonunning qabul qilinishi


Mart oyida Shavkat Mirziyoyev ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Shundan so‘ng, qonun loyihasi ishlab chiqilib, 2-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan edi. Senatorlar investorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro tijorat sudining vakolatlari hamda ayrim huquqiy normalarni aniqlashtirish zarurligini bildirib, hujjatni qayta ishlash uchun qaytargan.

Kelishuv komissiyasi ishtirokida qayta ishlangan qonun 9-iyul kuni Senat tomonidan ma’qullandi. Oradan bir kun o‘tib, prezident uni imzoladi.

Теглар

Мавзуга оид