Qirg‘iziston Rossiya kompaniyalarini energetika va sanoat loyihalariga taklif qildi

Бугун 18:452 дақиқа

Qirg‘iziston hukumati mamlakatni Yevroosiyo bozori uchun qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladigan maydon sifatida ko‘rayotganini va Rossiya kompaniyalarining mahalliylashtirishga qiziqishi ortib borayotganini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Rossiya kompaniyalarini energetika va sanoat loyihalariga taklif qildi © Қирғизистон Вазирлар Маҳкамаси матбуот хизмати

Qirg‘iziston o‘z hududida kichik va o‘rta quvvatli elektr stansiyalarini qurish uchun Rossiya investitsiyalarini jalb qilishdan manfaatdor. Bu haqda Qirg‘izsiton Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Doniyor Amangeldiyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 2026 doirasida o‘tkazilgan «Rossiya – Qirg‘iziston» sessiyasida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini izchil ilgari surmoqda. Doniyor Amangeldiyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda arzon va ekologik toza energiya manbalariga qiziqish ortib bormoqda.

«Bunday sharoitda gidroenergetika mamlakatimizning asosiy raqobat ustunliklaridan biriga aylanmoqda. Biz mintaqaviy ahamiyatga ega eng yirik energetika loyihasi bo‘lgan Qambarota GES-1 qurilishini bosqichma-bosqich ilgari suryapmiz. Shu bilan birga, kichik va o‘rta elektr stansiyalari hamda qayta tiklanuvchi energiya obyektlarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Biz Rossiya kompaniyalarini ushbu loyihalarda ham investor, ham texnologik hamkor sifatida ishtirok etishga jalb qilishdan manfaatdormiz», – dedi u.
 
Qirg‘iziston endi faqat sotuv bozori sifatida qaralmayapti – Amangeldiyev

Bosh vazir birinchi o‘rinbosarining aytishicha, Qirg‘iziston endi faqat mahsulot sotish bozori sifatida emas, balki butun Yevroosiyo bozori uchun qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladigan maydon sifatida qaralmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiya kompaniyalarining ishlab chiqarishni Qirg‘izistonda mahalliylashtirishga bo‘lgan qiziqishi barqaror ravishda ortib bormoqda. Bu mashinasozlik, qurilish industriyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olmoqda.

Rasmiyning ta’kidlashicha, investorlar uchun bir qator muhim omillar mavjud. Ular qatoriga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona bozoriga chiqish imkoniyati, qulay soliq rejimi, raqobatbardosh ishlab chiqarish xarajatlari hamda loyihalarni tezkor yo‘lga qo‘yish imkoniyati kiradi.

Doniyor Amangeldiyev Qirg‘iziston va Rossiya strategik sherik va ittifoqchi davlatlar ekanini ta’kidlab, bu munosabatlar nafaqat umumiy tarixga, balki mustahkam iqtisodiy asosga ham tayanishini qayd etdi.

«Rossiya Qirg‘izistonning eng yirik hamkorlari va investorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Muhimi, hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Ilgari o‘zaro munosabatlarning asosini savdo tashkil etgan bo‘lsa, bugun biz tobora ko‘proq qo‘shma ishlab chiqarishlar, sanoat kooperatsiyasi, korxonalarni mahalliylashtirish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish haqida gapirmoqdamiz», – dedi u.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 2026 3-6-iyun kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Forumning joriy yilgi mavzusi – «Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo‘l». Tadbir dasturi jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi sharoitida global rivojlanishning yangi modelini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan.

Теглар

Мавзуга оид