Logo

Qirg‘izistonda ish haqidan qarzdorlik 1,05 mln dollarga yetdi

Бугун 19:302 дақиқа

Ish haqi esa o‘sishda davom etmoqda. 2026-yilning yanvar–may oylarida o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 593 dollar bo‘ldi.

Qirg‘izistonda ish haqidan qarzdorlik 1,05 mln dollarga yetdi © Foto: novosti.kg

Qirg‘izistonda ish beruvchilarning xodimlar oldidagi ish haqi bo‘yicha qarzi 2026-yil 1-iyun holatiga 91,9 mln somga (1,05 mln dollar) yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,2 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Eng katta qarz Cho‘y viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi — 47,2 mln som (salkam 540 ming dollar) yoki umumiy qarzning 51,3 foizi. Shuningdek, Jalolobod viloyatida 25,1 mln som (287 ming dollar), Botken viloyatida 13,6 mln som (salkam 156 ming dollar) va Issiqko‘l viloyatida 3,5 mln som (40 ming dollar) ish haqi qarzi mavjud.

Shu bilan birga, mamlakatda rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ish haqi o‘sishda davom etmoqda. 2026-yilning yanvar–may oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 51 ming 888 somni (taxminan 593 dollar) tashkil qildi. O‘zbekistonda esa o‘rtacha oylik ish haqi yaqinda 7 million so‘mdan oshdi.

Qirg‘izistonda o‘rtacha oylik ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga, inflatsiya hisobga olinganda esa 13,1 foizga oshgan. Nodavlat sektorida ishlovchilarning o‘rtacha oyligi 65 ming 584 som (749 dollar), budjet tashkilotlarida esa 41 ming 661 som (476 dollar) bo‘lib, farq 1,6 baravarni tashkil etgan.

Eng katta ish haqi o‘sishi san’at va ko‘ngilochar sohasi (42,9 foiz), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (38,2 foiz) hamda ta’lim sohasida (34,6 foiz) qayd etildi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik Bishkek shahrida — 64 ming 294 som (735 dollar), eng pasti esa O‘sh viloyatida — 34 ming 688 somni (396 dollar) tashkil qildi. Barcha hududlarda ish haqi o‘tgan yilga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, eng yuqori o‘sish sur’ati O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlarida kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston 2025-yilda YOIIda valuta bozori eng tez o‘sgan mamlakat bo‘lgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Qirg‘izistonda ish haqidan qarzdorlik 1,05 mln dollarga yetdi | Vaqt.uz