Logo

Qozog‘iston bug‘doy importini yarim yilga taqiqladi

Bu cheklov asosan Rossiyadan kirib kelayotgan arzon bug‘doyga qarshi qaratilgan bo‘lib, Qozog‘iston o‘z dehqonlarini himoya qilish va omborlarni o‘zining yangi hosili uchun bo‘shatishni maqsad qilgan.

Qozog‘iston bug‘doy importini yarim yilga taqiqladi © Asia-Plus

Qozog‘iston hududiga bug‘doy olib kirish olti oy muddatga taqiqlandi. Bu haqdagi tegishli buyruq mamlakat Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov tomonidan imzolangan.

Mazkur hujjat 2026 yilning 27-iyulidan e’tiboran kuchga kiradi. Unga ko‘ra, uchinchi davlatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) mamlakatlaridan avtomobil, suv va temiryo‘l transporti orqali bug‘doy import qilish to‘xtatiladi.

Qoidaning istisnolari ham mavjud. Jumladan, parrandachilik va donni qayta ishlash korxonalari, litsenziyaga ega elevatorlar hamda «Oziq-ovqat shartnoma korporatsiyasi» milliy kompaniyasi uchun temiryo‘l orqali bug‘doy olib kirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, mazkur cheklovlar Qozog‘iston hududi orqali boshqa davlatlarga tranzit qilinadigan don mahsulotlariga taalluqli emas.

Taqiq sabablari

«Interfaks» nashrining Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azat Sultanov so‘zlariga tayanib xabar berishicha, bu cheklovlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va mahsulotlarning barqaror sotilishini ta’minlash maqsadida joriy qilinmoqda.

Shuningdek, qaror Rossiyada kuzgi hosil yig‘im-terimi boshlangani va Qozog‘istonning o‘zida avvalgi yildan qolgan don zaxiralari katta hajmni tashkil etayotgani bilan izohlangan. Yangi hosil uchun elevatorlarni bo‘shatish hamda ichki bozorni rag‘batlantirish zarurati yuzaga kelgan. Taqiq joriy etishga Tashqi savdo siyosati bo‘yicha idoralararo komissiyaning xulosasi asos qilib olingan.

Теглар

Мавзуга оид