Qozog‘iston Germaniyaga neft eksport qilish uchun «Drujba»ning muqobilini topdi
Aprel oxirida «Drujba» quvurining shimoliy tarmog‘ida yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun Qozog‘iston boshqa yo‘l bilan neftini Germaniyaga eksport qilmoqchi.
© Foto: rbc.ruQozog‘iston nefti Germaniyaga Rossiyaning Leningrad viloyatidagi Ust-Luga porti va Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) tizimi orqali yo‘naltiriladi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi rasmiy vakili Asel Serikpayeva ma’lum qildi. Gap «Drujba» quvuri orqali tashilishi kerak bo‘lgan 260 ming tonna xomashyo haqida ketmoqda, deb yozadi «Orda.kz».
«Drujba» tizimi orqali Germaniya (Shvedt NPZ) yo‘nalishida 2026-yil may oyi uchun tranzit grafigiga tuzatish kiritilishi munosabati bilan, vazirlik 260 ming tonna neft eksport hajmlarini rejaviy qayta taqsimlash haqida ma’lum qiladi», – dedi Serikpayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 100 ming tonna neft Ust-Luga porti orqali, 160 ming tonnasi esa KQK orqali yo‘naltiriladi. Bu sxema yuk yuboruvchilar bilan kelishilgan va operatsion xarakterga ega. Marshrut o‘zgarishi yillik 98 mln tonna miqdoridagi rejaviy qazib olish hajmiga ta’sir qilmaydi.
«Drujba»dagi uzilishlar
Aprel oxirida «Drujba» quvurining shimoliy tarmog‘ida yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. 22-aprelda vaziyatga Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov izoh berib, mamlakat o‘sha paytda Rossiyadan rasmiy bildirish olmaganini, ammo norasmiy kanallar orqali infratuzilmaga qilingan zarbalar tufayli uzilishlar haqida xabardor bo‘lganini aytdi. Keyinchalik Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tranzit vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqlab, Qozog‘iston manfaatlari alternativ yo‘nalishlar orqali ta’minlanishini ma’lum qildi.
Qozog‘istondan Germaniyaga neft eksporti
2023-yildan buyon Qozog‘iston nefti Qashagan, Qarachaganoq va Tengiz konlaridan Germaniyaning Shvedt shahridagi NPZga eksport qilinmoqda. Bu zavod 2022-yilgacha Rossiyaning «Rosneft» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, hozir esa Germaniya hukumati boshqaruvida. Shu davr ichida yetkazib berish hajmi yiliga 1,2 mln tonnadan 2026-yil uchun rejalashtirilgan 2,5 mln tonnagacha oshgan.
Yetkazib berish «Drujba» quvurining Rossiya, Belarus, Polsha va Germaniya orqali o‘tadigan shimoliy tarmog‘i orqali amalga oshiriladi. 2022-yildan bu tarmoq faqat Qozog‘iston nefti uchun ishlatilmoqda, janubiy tarmoq orqali esa Rossiya nefti Vengriya va Slovakiyaga yetkazilmoqda. Hozir Yevropadagi faqat shu ikki davlat Rossiya neftini xarid qilmoqda.





