Qozog‘iston, Kosovo, Albaniya... G‘azoni kimlar qo‘riqlaydi?

19.02.2026 | 23:082 дақиқа

Mintaqa beshta sektorga bo‘linib, u yerga Qozog‘iston, Indoneziya va Albaniya kabi davlatlarning harbiy kontingenti joylashtiriladi. Turkiya ham qo‘shinlarini joylashtirishga tayyor, biroq u Isroil o‘t ochishni to‘xtatish rejimini muntazam buzayotganidan havotirda.

Qozog‘iston, Kosovo, Albaniya... G‘azoni kimlar qo‘riqlaydi?

Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashingtondagi Tinchlik institutida bo‘lib o‘tayotgan sammitda Xalqaro barqarorlik kuchlari (ISF) qo‘mondoni etib tayinlangan general Jasper Jeffers G‘azoga qo‘shin kiritish rejasini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, G‘azo 5 ta alohida hududga bo‘linadi va har biriga bittadan brigada biriktiriladi. Birinchi bosqichda qo‘shinlar Rafah sektoriga joylashtiriladi va mahalliy politsiyani o‘qitish boshlanadi.

General Jeffersning ta’kidlashicha, Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya o‘z qo‘shinlarini yuborishga rozilik bergan. Misr va Iordaniya esa politsiyani tayyorlash mas’uliyatini zimmasiga olgan. Indoneziya vakili ISF qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimini egallaydi.

Turkiyaning pozitsiyasi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anqara G‘azoga o‘z qo‘shinlarini yuborishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini tiklashda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Biroq Isroil Bosh vaziri Netanyahu Turkiya qo‘shinlarining hududga kirishiga keskin qarshi chiqmoqda. Fidan, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi muntazam buzilayotgani xalqaro kuchlarning ishini qiyinlashtirishidan ogohlantirdi.

Videorolik va tanqid

Yig‘ilish davomida Tinchlik kengashi tomonidan tayyorlangan «G‘azo uchun yangi tong» nomli videorolik namoyish etildi. Unda:

• Rafah shahrini 3 yil ichida to‘liq qayta qurish;

• G‘azoni «Ibrohim darvozasi» orqali dunyo bilan bog‘lash;

• Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zamonaviy poyezdlar, osmono‘par binolar va Amerika shaharchalarini eslatuvchi ko‘chalar aks etgan loyihalar ko‘rsatildi.

Biroq kuzatuvchilar videoda G‘azoning vayron bo‘lishida Isroil armiyasining roli tilga olinmagani va faqat «HAMAS boshlagan urush» haqida so‘z borganini biryoqlama yondashuv sifatida tanqid qilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Isroil tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilishi davom etar ekan, xalqaro kuchlarni joylashtirish rejasi amalga oshmay qolishi mumkin.

Avvalroq, Donald Tramp sammitda Shavkat Mirziyoyevni «do‘stim» deb atagani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, u G‘azoga yordam paketi uchun jami 7 mlrd dollar ajratgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham borligini aytdi. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat G‘azoda uy-joylar, maktab va shifoxonalar qurishga tayyorligini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид