Logo

Qozog‘iston yashirin iqtisodiyotga qarshi 2028-yilgacha mo‘ljallangan rejani tasdiqladi

Hukumat ko‘rsatkichni 13,8 foizga tushirishni rejalashtirmoqda.

Qozog‘iston yashirin iqtisodiyotga qarshi 2028-yilgacha mo‘ljallangan rejani tasdiqladi © depositphotos.com

Qozog‘iston hukumati 2026–2028-yillarda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi. Hujjat Moliya vazirligi tomonidan boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, uni bosh vazir Oljas Bektenov imzoladi.

Rejaning asosiy maqsadi — yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, halol raqobatni ta’minlash, biznes faoliyati shaffofligini oshirish va tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyat yuklamagan holda budjet tushumlarini ko‘paytirish.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 13,8 foizgacha kamaytiriladi

So‘nggi yillarda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaytirildi. 20 ta axborot tizimi joriy etildi va modernizatsiya qilindi, aylanmasi 2 trillion tenge (4 mlrd dollar atrofida) bo‘lgan internet-kazinolar moliyaviy infratuzilmasi faoliyatiga chek qo‘yildi. Shuningdek, 360 milliard tenge (taxminan 720 mln dollar) miqdoridagi asossiz budjet xarajatlarining oldi olindi. Natijada yashirin iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 24 foizdan 2025-yil yakunida 16,7 foizgacha kamaydi. Endi hukumat bu ko‘rsatkichni 2028-yilgacha 13,8 foizga tushirishni rejalashtirmoqda.

Asosiy vosita — sun’iy intellektli raqamli platforma

Buning uchun sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yagona raqamli monitoring platformasi yaratiladi. U turli davlat idoralari ma’lumotlarini birlashtirib, yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq xavflarni tez aniqlash va budjetga zarar yetkazilishidan oldin qonunbuzarliklarning oldini olish imkonini beradi. Rejadan iqtisodiyot shaffofligini oshirish va xavf yuqori bo‘lgan savdo, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim sohalarini raqamlashtirishga qaratilgan 53 ta chora-tadbir o‘rin olgan.

Savdo sohasida nimalar o‘zgaradi?

Savdo sohasini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. «Digital Bazaar» elektron bozorlari boshqaruv platformasi rivojlantiriladi, majburiy raqamli markirovka qo‘llanadigan mahsulotlar ro‘yxati hamda Milliy mahsulotlar katalogi kengaytiriladi. Ta’kidlanishicha, bu tovar aylanmasini yanada shaffof qiladi, qalbaki mahsulotlar ulushini kamaytiradi va bozordagi barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratadi.

Shuningdek, aksiz va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar aylanmasini nazorat qilish avtomatlashtiriladi, elektron tijorat va marketpleyslarni tartibga solish takomillashtiriladi hamda davlat axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi.

Ijtimoiy sohada ham raqamli nazorat kuchaytiriladi

Ijtimoiy sohada xizmatlar sifati, narxlar va budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini nazorat qiluvchi raqamli vositalar joriy etiladi. Shuningdek, ayrim davlat dasturlarida qo‘llanayotgan «Raqamli tenge» loyihasi kengaytiriladi. Bu davlat mablag‘lari harakatining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Hukumatga ko‘ra, mazkur reja biznes uchun yangi ma’muriy yuklamalarni keltirib chiqarmaydi. Asosiy e’tibor iqtisodiyotni raqamlashtirish, jarayonlarni avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy tahliliy vositalardan foydalanishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq raqamli tenge Qozog‘istonda rasmiy huquqiy maqomga ega bo‘lgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид