Qozog‘istonda transport xavfsizligi yomonlashmoqda
Qozog‘istonda temiryo‘l, suv va havo transportidagi hodisalar soni oshib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayniqsa temiryo‘l tarmog‘ida xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar keskin kuchaygan.

Qozog‘istonda transport xavfsizligi bilan bog‘liq jinoyat ishlari soni so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, temiryo‘l, suv va havo transportida xavfsizlik qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari soni 19 tadan 31 taga yetgan.
Eng ko‘p muammolar temiryo‘l sohasida kuzatilmoqda. Agar 2020 yilda poyezdlar ishtirokida 967 ta favqulodda holat qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1300 taga yetgan. Ular orasida beshta halokat, bitta yirik avariya va 940 dan ortiq mayda hodisalar mavjud. Eng ko‘p holatlar Aqto‘be, Qorag‘anda va Jambil viloyatlarida ro‘y bergan.
Temiryo‘ldagi baxtsiz hodisalarning sababi
Temiryo‘ldagi baxtsiz hodisalarning asosiy sababi fuqarolarning belgilanmagan joylardan relslarni kesib o‘tishidir. Bunday holatlar soni 2020 yildan beri 26,1 foizga kamaygan bo‘lsa-da, o‘tgan yil poyezdlar ostida qolib 30 kishi halok bo‘lgan, yana 38 nafar fuqaro jarohat olgan.
Suv transportidagi hodisalar
Suv transportidagi holatlar esa yildan-yilga keskin o‘zgarib turmoqda. 2020 yilda 11 ta hodisa qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 20 tagacha ko‘tarilgan. 2025 yilda esa to‘qqizta hodisa rasman ro‘yxatga olingan. Mutaxassislar bu holatni kemalar parkining eskirishi va nazoratning yetarli emasligi bilan izohlamoqda.
2023 yilda suvdagi hodisalar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va yetti kishi jabrlangan. Rasmiy hisobotlarda 2025 yil qurbonlarsiz o‘tgani qayd etilgan bo‘lsa-da, iyul oyida Alako‘l ko‘lida kater qariya ayolni bosib ketishi oqibatida uning vafot etgani ma’lum qilingan.
Havo transportidagi vaziyat
Havo transportida vaziyat nisbatan barqaror. Aviatsiyadagi hodisalar soni 2020 yildagi 53 tadan 2025 yilda 41 taga tushgan. Biroq yirik halokatlar hamon kuzatilmoqda. Ulardan eng og‘iri 2024 yil dekabrida Aqtao‘ yaqinida sodir bo‘lib, unda 39 kishi halok bo‘lgan. Joriy yil may oyida esa Pavlodar viloyatida An-2 samolyoti qulashi oqibatida bir uchuvchi halok bo‘lgan.





