Logo

Qurilish vazirligi «New Port» qurilishi nazorat ostida ekanini aytib chiqdi

Бугун 17:551 дақиқа

Majmua jami 9 ta blokdan iborat. Ularning 3 tasi bo‘yicha tegishli ishchi organning ijobiy ekspertiza xulosalari bor. Ammo qolgan 6 ta blokda noqonuniy qurilish olib borilgan.

Qurilish vazirligi «New Port» qurilishi nazorat ostida ekanini aytib chiqdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Avvalroq Toshkent shahrida noqonuniy uy qurgan qurilish kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining yozishicha, «New Port» majmuasidagi qoidabuzarliklar nazoratsiz qoldirilmagan.

Ushbu qurilish poytaxtning Yakkasaroy tumanida «Mega Logistics Service» MCHJ tomonidan olib borilmoqda. «New Port» majmuasi jami 9 ta blokdan iborat. Ularning 3 tasi bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ekspertiza xulosalari mavjud. Ushbu bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash Toshkent shahar hududiy nazorat inspeksiyasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangandi. Qurilish qilayotgan MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Kompaniyadan qurilishni tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida davom ettirish va obyektlarni inspeksiyadan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilingan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ko‘rsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagani uchun kompaniyaning mas’ul mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llangan. Vazirlikning eslatishicha, to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Теглар

Мавзуга оид