Logo

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi etib saylandi

U mazkur lavozimga besh yil muddatga saylandi.

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi etib saylandi

Bugun, 18-iyun Oliy Majlis Senati Kengashi Robaxon Anvarovna Mahmudovani O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, masala Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan nomzod doirasida ko‘rib chiqilgan.
Muhokamalar yakunida Robaxon Mahmudova sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga besh yil muddatga saylangan.

Qaror O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga muvofiq qabul qilingan.

Robaxon Mahmudova mazkur lavozimga besh yil muddatga saylandi.

Robaxon Anvarovna Maxmudova 1958 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, sud-huquq tizimida 50 yillik, shundan 20 yillik sudyalik ish stajiga ega.

R.Maxmudova 1976 yilda mehnat faoliyatini Farg‘ona viloyat sudi Rayosatining kotibi lavozimidan boshlab, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlarida, xususan, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, ijro hokimiyati hamda sud tizimida “tuman-viloyat-respublika” darajasidagi sudya va sud raisi lavozimlarida ko‘p yillar samarali faoliyat ko‘rsatgan.

Jumladan, 1979-1999 yillarda notarius, Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat partiya qo‘mitasining yo‘riqchisi, adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 1999-2013 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi, Farg‘ona shahar sudi raisi, Oliy sud sudyasi, viloyat sudi raisi, 2013-2017 yillarda yuridik kolleji o‘qituvchisi, 2017-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri, 2020 yilda Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi, 2020-2024 yillarda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2024 yil noyabr oyidan O‘zbekiston “Adolat”SDP Siyosiy kengashi raisi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari lavozimida ishlab kelmoqda. 2020 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Теглар

Мавзуга оид

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi etib saylandi | Vaqt.uz