Rossiya armiyasida eng ko‘p o‘zbekistonliklar halok bo‘lmoqda

Бугун 12:302 дақиқа

2022 yildan buyon kamida 130 dan ortiq davlatdan o‘n minglab xorijliklar Rossiya armiyasiga jalb qilingan. Ularning katta qismi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston fuqarolaridan iborat.

Rossiya armiyasida eng ko‘p o‘zbekistonliklar halok bo‘lmoqda © AP

Rossiya-Ukraina urushi davomida Rossiya armiyasi safiga jalb qilingan xorijiy fuqarolar orasida eng katta yo‘qotishlar o‘zbekistonliklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi “Truth Hounds” tashkiloti e’lon qilgan hisobotda ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomonida kamida 481 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich xorijiy fuqarolar orasida eng yuqori hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari qayd etilgan.

O‘zbekiston bugun Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan xorijlik yollanma askarlar soni bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Nodavlat manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 4 707 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki hozir ham ishtirok etmoqda.

Ulardan 498 nafari 2023 yilda, 941 nafari 2024 yilda va 2025 yilning dastlabki olti oyida deyarli 1 300 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya bilan harbiy shartnoma imzolagan. Shuningdek, Rossiya armiyasi safida asirga tushgan xorijliklar orasida ham o‘zbeklar soni eng ko‘p ekani qayd etilgan.

Tadqiqot mualliflari rekruting jarayoni asosan ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoyasiz qatlam — mehnat migrantlariga qaratilganini ta’kidlamoqda. Xususan, migrantlar yashaydigan joylarda va masjidlarda reydlar ko‘paygani, ayrim holatlarda harbiy shartnoma deportatsiya yoki jinoiy ta’qibdan qutulish vositasi sifatida taklif etilgani qayd etilgan.

Shuningdek, hujjatlarda bosim o‘tkazish, hujjatlarni tortib olish, soxta ayblovlar qo‘yish va jismoniy tazyiq holatlari ham tilga olingan. Ayrim xorijliklar Rossiya fuqaroligini olish yoki Yevropaga chiqish va’dalari bilan jalb qilingani, ammo amalda tilni bilmasdan turib shartnoma imzolashga majbur bo‘lgani aytilgan.

Qisqa harbiy tayyorgarlikdan so‘ng ularning ko‘pchiligi frontning eng xavfli hududlariga yuborilgan.

Tadqiqotchilar bu jarayonni oddiy rekruting emas, balki aldash, majburlash va ekspluatatsiya elementlarini o‘z ichiga olgan holda odam savdosi belgilariga yaqin holat sifatida baholagan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, xorijliklarni Rossiya armiyasiga jalb qilish tizimi tasodifiy emas, balki tizimli tusga ega bo‘lib, bu holat mintaqaviy xavfsizlik va inson huquqlari nuqtai nazaridan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Теглар

Мавзуга оид