Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar Medinskiy sababli «boshi berk ko‘chaga kirib qoldi» — «Axios»
Rossiya vakillari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ommaviy bayonotlaridan norozi bo‘lganini aytgan.

17-fevral kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar chog‘ida siyosiy guruh «berk ko‘chaga kirib qolgan», harbiy guruh esa «ilgarilashga erishishda davom etgan», deb xabar berdi Axios nashri manbalariga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, bu holat Rossiya muzokara guruhi rahbari Volodimir Medinskiy bayon etgan pozitsiya bilan bog‘liq. Manbalardan biri Rossiya vakillari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yaqindagi ommaviy bayonotlaridan norozi bo‘lganini aytgan. Ularning fikricha, Zelenskiy jiddiy muzokara olib bormayapti, balki «mumkin bo‘lgan saylovlar oldidan mamlakat ichidagi ommabopligini oshirishga harakat qilmoqda».
TASS muzokaralar qariyb olti soat davom etgani va unda «katta mavzular va katta murosalar» muhokama qilinganini ma’lum qildi. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar «keskin ruhda» o‘tgan. Uchrashuvdan so‘ng Vladimir Medinskiy jurnalistlar oldida chiqish qilmadi.
Tomonlar muzokaralarni 18-fevral kuni davom ettirish niyatida.
AQSH va yevropaliklar bilan alohida uchrashuv
Ukraina delegatsiyasi rahbari, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rutem Umerov AQSH va Yevropa hamkorlari — Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Shveysariya vakillari bilan alohida uchrashuvni yakunlaganini ma’lum qildi.
«Bugungi muzokaralar raundi yakunlarini muhokama qildik va keyingi qadamlar bo‘yicha yondashuvlarimizni muvofiqlashtirdik. Ukraina, AQSH va Yevropa o‘rtasida yagona qarash va harakatlarni muvofiqlashtirishni saqlab qolish muhim.
Natija uchun umumiy mas’uliyat borligi bo‘yicha tushunish mavjud. Ishni davom ettiryapmiz», – deb yozdi Umerov.
Zelenskiy: ukrainaliklar tinchlik yo‘lida Donbassni «sotish»ga yo‘l qo‘ymaydi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Axios» nashriga bergan intervyusida ukrain jamiyati Donbass hududlaridan voz kechishni nazarda tutuvchi har qanday kelishuvni qabul qilmasligini va ularni tinchlik evaziga «topshirish»ga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik vositachilar unga Rossiya tomonidan «urushni tugatishga haqiqiy istak» borligi haqida signallar yetkazgan va shu asosda muzokara guruhi bilan pozitsiyani muvofiqlashtirishni tavsiya qilgan. Ammo Ukraina prezidentining o‘zi bunga nisbatan ancha shubhali munosabatda bo‘lib, ukrainaliklar «omadsiz hikoya» deb baholaydigan tinchlik rejasini unga majburan qabul qildirishga urinishdan vositachilarni ogohlantirgan.
«Hissiy jihatdan odamlar bunday narsani hech qachon kechirmaydi. Hech qachon. Bu bizning mamlakatimizning bir qismi, u yerdagi barcha fuqarolar, bayroq, yer – hammasi bizniki», – deb ta’kidladi Zelenskiy hududlardan ehtimoliy voz kechish haqida gapirar ekan.
U Donald Tramp tomonidan ochiqdan-ochiq murosaga aynan Ukrainani chaqirish «adolatsiz» ekanini aytdi, garchi tinchlikni yo‘lga qo‘yishdagi sa’y-harakatlari uchun unga minnatdorlik bildirgan bo‘lsa-da.
«Umid qilaman, bu faqat uning taktikasi, qabul qilingan qaror emas», – dedi Zelenskiy va bosim ostida taslim bo‘ladigan insonlardan emasligini qo‘shimcha qildi.
Prezidentning aytishicha, Vashington va Kiyev yakuniy har qanday kelishuv referendumga qo‘yilishiga kelishib olgan. Agar hujjat faqat ukrain qo‘shinlarini olib chiqishni va Donbassning bir qismi ustidan suverenitetning amalda yo‘qotilishini nazarda tutsa, jamiyat uni rad etadi. Ayni paytda, frontning hozirgi chizig‘ini muzlatish varianti, Zelenskiyning fikricha, qo‘llab-quvvatlanishi mumkin:
«Agar hujjatga mavjud to‘qnashuv chizig‘iga rioya qilish bandi kiritilsa, odamlar bunga referendumda ovoz beradi».
Amerikalik vositachilar Donbassda suverenitet maqomi aniqlanmagan demilitarizatsiya qilingan «erkin iqtisodiy zona» yaratish variantini taklif etgan. Zelenskiy qo‘shinlarni o‘zaro qaytarish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini aytgan, ammo bu hudud ustidan Rossiya suverenitetini tan olishni qat’iy rad etgan.
Alohida ta’kidlab, u yana bir bor muammoni hal qilish kaliti – Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z jamoasiga yetakchilar darajasidagi bo‘lajak uchrashuv masalasini Jenevada ko‘tarishni topshirgan. Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiya delegatsiyasi rahbarining almashishi jarayonni cho‘zib yuborishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
«Bizning bunday ahmoqona gap-so‘zlarga vaqtimiz yo‘q. Shuning uchun qaror qabul qilishimiz va urushni tugatishimiz kerak», – dedi u, raqib tomonning mojaroning «tarixiy ildizlari» haqida mulohaza yuritishga moyilligini sharhlar ekan.
Shuningdek, prezident ehtimoliy sulh davrida referendum bilan bir vaqtda yangi saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini ham istisno etmadi va unda o‘z ishtirokini ham rad qilmadi:
«Bu xalqqa bog‘liq bo‘ladi. Ular nimani istashini ko‘ramiz».





