Rossiyaga boradigan tojikistonlik mehnat migrantlar mamlakatning o‘zida tekshiruvdan o‘tkaziladi

Бугун 20:001 дақиқа

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikistondan kelayotgan mehnat migrantlarini Rossiyaga kirishidan oldin tekshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.

Rossiyaga boradigan tojikistonlik mehnat migrantlar mamlakatning o‘zida tekshiruvdan o‘tkaziladi

Yangilangan kelishuvga muvofiq, Rossiyaga rasmiy kanallar orqali ishlash uchun yo‘l olayotgan Tojikiston fuqarolari mamlakatni tark etmasdan turib barmoq izlari topshirishi va suratga tushishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayon Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tojikistondagi vakolatxonasi hamda tegishli idoralar ishtirokida amalga oshiriladi.

Rossiyaga taqiq bor-yo‘qligi oldindan aniqlanadi

Olingan ma’lumotlar Rossiyaning migratsion bazalari orqali tekshiriladi. Shu orqali fuqaroning Rossiya hududiga kirishiga taqiq bor-yo‘qligi oldindan aniqlanadi. Shuningdek, mehnat migrantlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini ham Tojikistonning o‘zida tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Hujjatda yana bir muhim yo‘nalish — mehnat muhojirlarini Rossiya mehnat bozori talablari asosida tayyorlash masalasi ham nazarda tutilgan. Endilikda ayrim fuqarolar Rossiyaning o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha Tojikistondayoq o‘qitilishi mumkin.

Kelishuvga muvofiq, migratsiya jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi maxsus Rossiya tashkiloti ham ishga jalb etiladi. Rossiya rasmiylari bu o‘zgarishlarni mehnat migratsiyasini tartibga solish va migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini kuchaytirish zarurati bilan izohlamoqda.

Tojikiston fuqarolarini Rossiyaga uyushgan tarzda jalb qilish bo‘yicha kelishuv 2019 yildan amal qiladi. Unga o‘zgartirish kirituvchi protokol 2025 yil oktabrida Emomali Rahmon va Vladimir Putin tomonidan imzolangan edi. Tojikiston Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda uyushgan tanlov asosida Rossiyaga 31 mingdan ortiq kishi yuborilgan.

Теглар

Мавзуга оид

Rossiyaga boradigan tojikistonlik mehnat migrantlar mamlakatning o‘zida tekshiruvdan o‘tkaziladi | Vaqt.uz