Logo

Rossiyaning Kiyevga zarbasi oqibatida Amerikaning dron ishlab chiqaruvchi zavodi vayron bo‘ldi

Bu Moskvaning ushbu mojaroda AQSH mudofaa kompaniyasini ilk bor nishonga olishi bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Kiyevga zarbasi oqibatida Amerikaning dron ishlab chiqaruvchi zavodi vayron bo‘ldi

Bugun, 31-iyul kuni Rossiyaning Kiyevga bergan raketa zarbasi oqibatida Amerikaning «Terminal Autonomy» korporatsiyasiga tegishli dron zavodi vayron bo‘ldi. Bu haqda kompaniyaga yaqin manbaga tayanib, «The Guardian» nashri xabar bermoqda.

Bu Moskva tomonidan ushbu mojaro davomida AQSH mudofaa kompaniyasining birinchi marta nishonga olinishi bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda. Zarba oqibatida hech kim halok bo‘lmagan, deyiladi xabarda. «Terminal Autonomy» va Ukraina Mudofaa vazirligi nashrning izoh so‘rab yozgan elektron murojaatlariga javob bermagan.

«Terminal avtonomlik» va ishlab chiqarish quvvati

2023 yilda AQSHning Delaver shtatida ro‘yxatdan o‘tgan «Terminal Autonomy» kompaniyasi Rossiyaning radioelektron kurash signallariga chidamli bo‘lgan, yo‘naltiruvchi tizimlarga ega uzoq masofaga uchuvchi, yuqori aniqlikdagi dronlarni ishlab chiqaradi. Zavodda «AQ-400 Scythe» va «AQ-100 Bayonet» modellari ishlab chiqarilgan. Nashrning tushuntirishicha, «terminal avtonomlik» atamasi kamikadze-dron hujumining so‘nggi bosqichini anglatadi, bunda himoyalanuvchi tomon radioto‘lqinlar yoki aloqani to‘sib qo‘yganda, qurolni boshqarishni sun’iy intellekt o‘z zimmasiga oladi.

Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi yakshanba kuni ushbu hujum haqida birinchi bo‘lib xabar bergan va Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayangan. Bayonotda Kiyevning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan, oyiga mingtagacha dron ishlab chiqaradigan yig‘ish va saqlash joyiga zarba berilgani aytiladi.

TASS xabarida zavod Amerika kompaniyasiga tegishli ekanligi ochiqlanmagan, biroq u yerda «Ukraina-Amerika kompaniyasi mutaxassislari» ishlagani va korxonada «AQ-400 Scythe» va «AQ-100 Bayonet» dronlari ishlab chiqarilgani qayd etilgan.

«Rossiyaliklarga ishlab chiqarish obyekti kimga tegishli ekanligining farqi yo‘q. U baribir nishon hisoblanadi. Ular uchun bu Amerikanikimi yoki boshqasinikimi, ahamiyatsiz», — dedi AQSH razvedkasining sobiq katta zobiti Entoni Vinchi.

Iyul oyi boshida Donald Tramp AQSH Ukrainaga «Patriot» zenit raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishi mumkinligini aytgan edi.

Bunga izoh berar ekan, Vinchi shunday dedi: «Agar Ukrainada «Patriot» raketalari yoki har qanday Amerika tizimi ishlab chiqarilgudek bo‘lsa, menimcha, ruslar o‘sha ishlab chiqarish obyektini ham nishonga oladi».

Теглар

Мавзуга оид

Rossiyaning Kiyevga zarbasi oqibatida Amerikaning dron ishlab chiqaruvchi zavodi vayron bo‘ldi | Vaqt.uz