Logo

Samarqanddagi FIDE saylovi arafasida rossiyalik shaxmat tashkilotchisiga tegishliligi aytilgan mojaroli audio tarqaldi

Бугун 10:492 дақиқа

Unda rossiyalik mutaxassis o‘zbek amaldorlarini haqoratlagan. Audioyozuvda u 2018-yilda FIDE prezidenti saylovlari arafasida go‘yoki delegatlarni qanday sotib olgani va ovoz berish sxemalarini qanday tashkil qilgani haqida suhbatdoshiga gapirib beradi.

Samarqanddagi FIDE saylovi arafasida rossiyalik shaxmat tashkilotchisiga tegishliligi aytilgan mojaroli audio tarqaldi

Sentyabr oyi oxirida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan FIDE prezidenti saylovi arafasida rossiyalik shaxmat tashkilotchisi Mark Gluxovskiyga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv tarqaldi. Bu audioyozuvni Ukraina Shaxmat feredaratsiyasi Facebook sahifasida e’lon qildi.

Unda O‘zbekiston vakillari va o‘zbeklar haqida ham haqoratli hamda kamsituvchi iboralar ishlatilgani eshitiladi. Audioning to‘liq konteksti va uning tahrir qilingan-qilinmagani mustaqil ravishda tasdiqlangan emas.

Audioyozuvda Gluxovskiy 2018-yilda FIDE prezidenti saylovlari arafasida go‘yoki delegatlarni qanday sotib olgani va ovoz berish sxemalarini qanday tashkil qilgani haqida suhbatdoshiga gapirib beradi. O‘sha paytda u Rossiyaning sobiq bosh vazir o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovichning saylovoldi kampaniyasi menejeri bo‘lgan. Saylov natijalariga ko‘ra, aynan Dvorkovich FIDE prezidenti etib saylangan. 2022-yilda Arkadiy Dvorkovich FIDE prezidenti lavozimiga qayta saylangan. Uning ikkinchi prezidentlik kampaniyasi ham janjallar bilan kechgan.

Biroq 2026-yil iyul oyida Dvorkovich Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng FIDE prezidenti lavozimini tark etdi. FIDE prezidentining navbatdagi saylovlari 2026-yil 26–27-sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ular tashkilotning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasi doirasida o‘tkaziladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Dvorkovich o‘rniga Qozog‘iston fuqaroligiga ega rossiyalik biznesmen Timur Turlov nomzod sifatida qatnashmoqda. Uning saylovoldi kampaniyasiga Mark Gluxovskiy rahbarlik qilishi kerak.

Tarqalgan audioda Gluxovskiy 2018-yilgi saylov jarayoni haqida gapirar ekan, turli mamlakatlardan kelgan delegatlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirish va saylov kampaniyasida turli usullardan foydalanish haqida so‘z yuritadi. Ayrim parchalarda pora berish haqida ham iboralar ishlatilgan.

Yozuvda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov haqida ham haqoratli fikrlar bildiriladi. Suhbat davomida O‘zbekiston vakilining maqomi ma’lum bo‘lgach, gapiruvchining ohangi o‘zgargani seziladi. Gluxovskiy suhbat davomida mamlakatning bosh vazirini ham tilga olgan. Shuningdek, O‘zbekistonning FIDE saylovidagi ovozi ahamiyatsiz ekani mazmunidagi fikrlar ham aytilgan.

Gluxovskiy uning so‘zlari muhokamaga chiqqandan so‘ng audio Niderlandiyada uning roziligisiz yozib olingani va qismlarga bo‘lib tarqatilganini da’vo qilgan. U bu holat bo‘yicha politsiyaga murojaat qilganini ham bildirgan.

Mojaro FIDE rahbarligi uchun raqobat kuchaygan bir paytda yuz bermoqda. O‘zbekiston tomonidan esa holat yuzasidan hozircha biror munosabat bildirilmadi.

Теглар

Мавзуга оид