Logo

Shavkat Mirziyoyev: Tavallud kunim munosabati bilan tabriklaganlarga minnatdorlik izhor etaman

Prezident Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘llagan xorijiy yetakchilar, xalqaro tashkilotlar va O‘zbekiston fuqarolariga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Shavkat Mirziyoyev: Tavallud kunim munosabati bilan tabriklaganlarga minnatdorlik izhor etaman © Foto: president.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘llagan xorijiy davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, jamoat arboblari hamda barcha O‘zbekiston fuqarolariga minnatdorlik bildirdi.

Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan murojaatda davlat rahbari ezgu tilaklarini yo‘llagan davlat va hukumat boshliqlari, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, mamlakatdagi mahallalar va mehnat jamoalari, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, tadbirkorlar hamda barcha vatandoshlarga alohida tashakkur izhor etgan.

«Mening sha’nimga bildirilgan bu tabrik va tilaklarni, avvalo, ko‘pmillatli xalqimiz va davlatimizga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, Yangi O‘zbekistonning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining e’tirofi sifatida qabul qilaman. Fursatdan foydalanib, bag‘rikeng va oliyjanob xalqimizga yana bir bor chin dildan o‘zimning cheksiz mehrim va hurmatimni bildiraman.

Jonajon Vatanimizda erkin va farovon, obod hayot qurishga qaratilgan islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularda faol ishtirok etayotgan ko‘pmillatli xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan oldimizga qo‘ygan yuksak va sharafli maqsadlarga albatta erishamiz, deb ishonaman», — deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 24-iyul kuni 69 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblaridan tabriklar kelgan edi.

Jumladan, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Turkiya, Italiya, Janubiy Koreya hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari O‘zbekiston prezidentiga tabrik yo‘llagan.

Теглар

Мавзуга оид