Logo

So‘nggi bir oyda elektromobillar savdosi 63,5 foizga oshdi

Бугун 08:552 дақиқа

Iyun oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik tiklandi. Ayniqsa, elektromobillar savdosi bir oy ichida 63,5 foizga o‘sdi, umumiy avtotransport vositalari oldi-sotdisi esa 80 mingtadan oshdi.

So‘nggi bir oyda elektromobillar savdosi 63,5 foizga oshdi © Bloomberg

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida barcha asosiy segmentlar bo‘yicha savdolar o‘sdi. Oy yakunida avtotransport vositalari savdosi 80,2 mingtadan oshib, may oyiga nisbatan 18 foizga ko‘paydi.

Elektromobillar savdosi keskin oshdi

Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil sotildi. Bu may oyiga nisbatan 63,5 foizga ko‘p.

2026 yilning birinchi yarim yilligida esa 40 mingdan ortiq elektromobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga o‘sishni anglatadi.

Hududlar kesimida elektromobillar savdosining eng yuqori o‘sishi Jizzax viloyatida (101%), Buxoro viloyatida (64,6%) va Farg‘ona viloyatida (58,5%) qayd etildi.

Elektromobillar bozorining asosiy qismi esa Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Iyun oyida poytaxtda 5,3 mingta elektromobil sotildi va bu respublika bo‘yicha umumiy savdoning qariyb 63 foizini tashkil qildi.

Ikkilamchi bozor o‘sishda yetakchi bo‘ldi

Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtani tashkil etib, may oyiga nisbatan 14 foizga oshdi.

Yangi yengil avtomobillar savdosi 11 foizga o‘sib, 24 mingtaga yetdi. Bu o‘sish asosan mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hisobiga ta’minlandi. Ularning savdosi 12 foizga oshib, 18,8 mingtani tashkil qildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5,1 mingta bo‘lib, bir oyda qariyb 7 foizga o‘sdi.

Shu bilan birga, foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 16 foizdan ortiqqa oshib, 37 mingtadan oshdi. Iyun oyida ikkilamchi bozor yengil avtomobillar bo‘yicha jami savdolarning 61 foizini tashkil qildi.

Surxondaryo va Xorazmda o‘sish eng yuqori bo‘ldi

Iyun oyida avtotransport vositalari savdosi respublika hududlarining deyarli barchasida oshdi. Faqat Jizzax viloyatida oylik ko‘rsatkich 2,2 foizga pasaygan.

Eng yuqori o‘sish Surxondaryo (33,7%), Xorazm (32,6%), Sirdaryo (29%), Samarqand (28,3%), Qashqadaryo (26,2%) va Andijon (26%) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida esa avtotransport vositalari savdosi bir oyda 9 foizga o‘sib, 17,9 mingtaга yetdi.

Vaqt.uz avvalroq Xitoy eksport qilgan bir milliondan ortiq elektromobil sotilmay qolgani haqida xabar bergandi.

Теглар

Мавзуга оид