«SpaceX» dunyodagi eng yirik raketa — «Starship»ni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi

Бугун 12:551 дақиқа

Mazkur parvoz loyiha tarixida o‘n ikkinchisi bo‘ldi.

«SpaceX» dunyodagi eng yirik raketa — «Starship»ni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi © Reuters

Amerikaning «SpaceX» kompaniyasi Oy va Marsga odam tashishga mo‘ljallangan «Starship» o‘ta og‘ir kosmik tizimining sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Mazkur tizim «Super Heavy V3» eltuvchi raketasi bilan jihozlangan.

Parvoz 22-may kuni mahalliy vaqt bilan 17:30 da Texas shtatidagi Boka-Chika kosmodromida amalga oshirildi. Dastlabki rejaga ko‘ra, 21-may kuni amalga oshirilishi kerak bo‘lgan parvoz texnik nosozlik tufayli so‘nggi lahzada bir sutkaga kechiktirilgan.

Parvoz tafsilotlari

Parvoz boshlanganidan yetti daqiqa o‘tib, buster (tezlatkich) «Starship»dan ajraldi va Meksika ko‘rfaziga qo‘ndi.

Kemaning o‘zi esa Yer atrofini to‘liq bo‘lmagan orbita bo‘ylab aylanib o‘tdi va fazoga 20 ta imitatsion yo‘ldosh hamda ikkita takomillashtirilgan «Starlink» sun’iy yo‘ldoshini olib chiqdi.

Shundan so‘ng «Starship» orbitadan chiqib, Hind okeanining oldindan belgilangan hududida suvga qo‘ndi. Umumiy parvoz jarayoni 65 daqiqa davom etdi.

Mazkur parvoz «Starship» loyihasi tarixida o‘n ikkinchisi bo‘ldi. Takomillashtirilgan «Raptor» dvigatellari bilan jihozlangan va «V3» nomini olgan uchinchi avlod raketasi uchun esa bu ilk sinov parvozi hisoblanadi. Bungacha amalga oshirilgan 11 ta parvozning oltitasi muvaffaqiyatli deb topilgan.

Ma’lumot uchun, ko‘p marta foydalanishga mo‘ljallangan «Starship V3» raketa-kosmik tizimi insoniyat tarixidagi eng yirik va eng kuchli raketa sanaladi. Uning balandligi 124 metrni tashkil etadi.

Теглар

Мавзуга оид