Logo

Sud Qamchibek Tashiyev nima uchun qamoqqa jo‘natilmaganini tushuntirdi

Бугун 11:002 дақиқа

U kecha hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topilgan edi.

Sud Qamchibek Tashiyev nima uchun qamoqqa jo‘natilmaganini tushuntirdi

Qirg‘izistonda «75-lar xati» jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilar, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev qamoq jazosidan ozod etilib, ularga probatsiya nazorati tayinlangani sabablari ma’lum qilindi. Hukm ijrosining bunday ko‘rinishi jinoyat oxiriga yetkazilmagani va faqatgina tayyorgarlik bosqichida qolgani bilan izohlandi. Bu haqda Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi ma’lum qildi.

Sudlanuvchilar hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Biroq sud tomonidan ularning jinoiy niyati qay darajada amalga oshgani va shaxsiyati hisobga olinib, mahkumlarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin, degan xulosaga kelingan. Qirg‘iziston Jinoyat kodeksi normalariga asosan, ularning barchasi uch yillik probatsiya nazoratini qo‘llagan holda jazoni o‘tashdan ozod qilingan.

«75-lar xati» va siyosiy reytingdagi o‘zgarishlar

Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish chaqirig‘i aks etgan «75-lar xati»ni joriy yilning 9-fevral kuni qabul qilib olgan. Ertasi kuni Tashiyev MXDQ rahbari lavozimidan ozod qilindi, shundan so‘ng mamlakatda qator ishdan bo‘shatishlar va hibsga olishlar boshlandi. O‘shanda Turgunbek o‘g‘li ham parlament spikeri lavozimini tark etgan, keyinroq esa deputatlik mandatidan ham mahrum bo‘lgan.

Xalqaro respublikachilar instituti (IRI) so‘rovlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Tashiyevning siyosiy reytingi 14 foizdan 22 foizga o‘sgan. Ayni paytda amaldagi prezident Sadir Japarovga bo‘lgan ishonch darajasi 35-38 foiz atrofida saqlanib qolmoqda.

Navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027 yil yanvar oyida o‘tkazilishi kerak. O‘sha paytda Japarovning birinchi muddati tugaydi, yangilangan Konstitutsiya esa unga yana bir muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkonini beradi.

Теглар

Мавзуга оид