Logo

Surxondaryodagi o‘rmon xo‘jaligida yong‘in sodir bo‘ldi

Boysun tumanidagi «Xomkon» o‘rmon bo‘limida yuz bergan yong‘in qariyb bir sutka davom etdi.

Surxondaryodagi o‘rmon xo‘jaligida yong‘in sodir bo‘ldi © dw.com

12-avgust kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi»ga qarashli «Xomkon» o‘rmon bo‘limi hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa «Chilonzor» mahallasi hududida qayd etilgan. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, soat 17:15 da 112 tizimi orqali yong‘in haqida xabar kelib tushgan.

Xabar olingach, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda «Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi»ning kuch va vositalari yo‘naltirilgan.

Yong‘inni bartaraf etish ishlariga jami 309 kishi va 11 ta maxsus texnika jalb qilingan. Ular orasida qutqaruvchilar, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda mahalliy aholi vakillari bo‘lgan.

Ko‘ngillilar ham jalb qilindi


Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 194 nafar shaxsiy tarkib va 8 ta maxsus texnika hodisa joyiga safarbar qilingan. O‘rmon xo‘jaligidan esa 60 nafar xodim va 3 ta texnika jalb etilgan.

Shuningdek, yong‘inni o‘chirish ishlarida 55 nafar mahalliy aholi vakili ko‘ngilli sifatida ishtirok etgan. Oradan bir sutka o‘tib, 13-avgust kuni soat 17:30 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Bir gektar maydon zararlangan

Hodisa natijasida taxminan 1 gektar maydondagi quruq o‘t va shox-shabbalar yonib ketgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yong‘in oqibatida fuqarolarning jarohat olish yoki halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan.

Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид