TBC’da pasayish, Uzum va Anor’da o‘sish: bank kartalari yil boshidan beri 7,4 mln donaga ko‘paydi
Muomaladagi bank kartalari soni yil boshidan buyon 10,9 foizga oshib, 75,7 mln taga yetdi. Bunda o‘sishning yarmi «Uzum Bank» va «Anor bank» hissasiga to‘g‘ri kelgan. «TBC bank», «Asaka bank» va «Tenge bank»da esa kartalar soni sezilarli kamaygan.

O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 2026 yilda 68,3 mln donadan 75,7 mln donagacha o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil 1-yanvar va 1-avgust holatidagi ma’lumotlari taqqoslanganda aniqlandi.
Umumiy o‘sish 7 mln 419 mingta yoki 10,9 foizni tashkil etgan. Eng katta o‘sish «Uzum Bank»da kuzatilgan. Bank kartalari soni 5,1 mln tadan 7,24 mln taga yetib, 41,9 foizga ko‘paygan.
«Anor bank»da esa kartalar soni 1,61 mln donaga oshib, 5,16 mln donaga yetgan. O‘sish sur’ati 45,3 foizni tashkil qilgan. Ikki bankdagi umumiy o‘sish 3,75 mln tani tashkil qilib, sektordagi sof o‘sishning 50,5 foiziga teng bo‘lgan.

Keyingi o‘rinlarda «Hamkorbank» va «Xalq banki» turibdi. Ularda kartalar soni mos ravishda 1,4 mln va 1,35 mln taga ko‘paygan. To‘rtta bankning umumiy o‘sishi 6,5 mln tani yoki sektordagi sof o‘sishning 87,6 foizini tashkil qilgan.
Eng katta pasayish «TBC bank»da qayd etilgan. Bank kartalari soni 570 mingga yoki 13,5 foizga kamayib, 3,64 mln donaga tushgan.
Shuningdek, «Asaka bank»da kartalar soni 281,5 mingga, «Tenge bank»da 275,7 mingga va «Hayot bank»da 156,4 mingga kamaygan. «Hayot bank»dagi pasayish 56 foizni tashkil qilgan.
Ikkala davr bo‘yicha ham ma’lumoti mavjud 34 bankning 28 tasida kartalar soni oshgan, oltitasida esa kamaygan.
Muomaladagi kartalar soni bo‘yicha «Xalq banki» yetakchiligicha qolmoqda — 12,12 mln dona. Bu mamlakatdagi jami bank kartalarining 16 foiziga teng.
Keyingi o‘rinlarda «Uzum Bank» — 7,24 mln, «Agrobank» — 6,8 mln, «Ipoteka-bank» — 5,67 mln va «Hamkorbank» — 5,24 mln karta bilan joylashgan.

Beshta eng yirik bank hissasiga jami 37,1 mln karta yoki bozordagi kartalarning 49 foizi to‘g‘ri kelmoqda. Yil boshida bu ulush 47 foiz edi.
«Yangi Bank» bo‘yicha esa 1-avgust jadvalida kartalar soni ko‘rsatilmagan. Yil boshida bankning 255,5 mingta kartasi bor edi. Bunga sabab bankning yil boshida regulyator tomonidan litsenziyasi qaytarib olingani va bankrot deb e’lon qilingani bo‘ldi.

Yil boshidan beri to‘lov terminallari soni qariyb 22,7 mingtaga oshib, 453,5 mingtaga yetgan. Bankomat va infokiosklar soni esa 17,3 foizga ko‘payib, 47 mingtani tashkil qilgan. Yanvar—iyul oylarida to‘lov terminallari orqali 387,4 trln so‘mlik tushum o‘tgan.
Muomaladagi kartalar soni bank mijozlari yoki faol foydalanuvchilar soniga teng emas. Bir kishi bir nechta kartaga ega bo‘lishi, ayrim kartalar esa amalda ishlatilmasligi mumkin.
Теглар






