«Tesla» rulsiz avtomobilini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi
«Tesla» ishlab chiqaryotgan «Cybercab» avtomobilida nafaqat rul balki tepkilar, orqa ko‘rish oynalari, eshik tutqichlari va hatto orqa oyna ham yo‘q.
© Elon Mask X akkaunti«Tesla» o‘zining rul va tepkisiz «Cybercab» avtomobilini ommaviy ishlab chiqarishga kirishganini ma’lum qildi. Kompaniya bu modelni to‘liq avtonom transport sifatida taqdim etmoqda va uning inson tomonidan jismonan boshqarilishi nazarda tutilmagan.
Elon Musk mazkur avtomobilni ilk bor 2024 yilda jamoatchilikka namoyish etgan edi. Endi esa u 38 soniyalik videoni e’lon qilib, «Cybercab»ning konveyerdan chiqib, mustaqil ravishda harakatlanayotganini ko‘rsatdi.
«Cybercab» tuzilishi
«Cybercab» ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan ikki eshikli elektr sedan bo‘lib, unda rul, tepki, orqa ko‘rish oynalari, eshik tutqichlari va hatto orqa oyna ham mavjud emas. Bu uni «Tesla»ning eng noodatiy va futuristik modellaridan biriga aylantirmoqda.
Avtomobil dizayni jihatidan «Tesla Cybertruck»ni eslatadi, ammo ancha ixcham. Uning «chayka qanoti» shaklida yuqoriga ochiladigan eshiklari salonga keng kirish imkonini beradi. Old qismi esa radiator panjarasisiz, yagona LED yorug‘lik chizig‘i bilan bezatilgan.
Maskning aytishicha, «Cybercab» «Tesla»ning boshqa modellariga nisbatan arzonroq bo‘ladi. Avvalroq u uning narxi 30 ming dollardan past bo‘lishini bildirgan. Biroq kompaniya hozircha AQSHda bunday avtonom mashinalarni ekspluatatsiya qilish uchun rasmiy ruxsat olmagan. Shuningdek, to‘liq avtonom haydash tizimi hali yakuniy tayyor emas.





