Logo

Tojikistonda turizm solig‘i joriy etilmoqda

Бугун 17:262 дақиқа

Endi sayohat uchun chet elga ketayotgan tojikistonliklarning turpaketlaridan 5 foizlik soliq olinadi. Tushgan mablag‘lar yangi Turizmni rivojlantirish fondiga yo‘naltiriladi.

Tojikistonda turizm solig‘i joriy etilmoqda

Tojikistonda Turizmni rivojlantirish fondi tashkil etildi. Bu haqda «AsiaPlus» xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-iyul kuni hukumat fondni tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Fond mablag‘lari uchun Moliya vazirligi Markaziy g‘aznachilik bosh boshqarmasida maxsus hisob raqami ochiladi.

Mablag‘lar fond kengashi qarorlari asosida sarflanadi. Yangi mexanizmning eng muhim jihati shundaki, fondni moliyalashtirish manbalari qatoriga mahalliy va xorijiy sayyohlardan olinadigan turli yig‘imlar ham kiritilgan.

Sayyohlardan yangi yig‘im

Tojikiston fuqarosi chet elga sayohat qilish uchun turistik paket sotib olsa, uning qiymatining 5 foizi Turizmni rivojlantirish fondiga o‘tkaziladi. Ya’ni, tojikistonliklar xarid qiladigan turpaketlardan maxsus yig‘im olinadi.

Fond xorijlik sayyohlar hisobiga ham to‘ldiriladi. Ular Tojikistonda o‘tkazgan har bir sutka uchun turistik paketlaridan belgilangan miqdorda yig‘im undiriladi. Shuningdek, turistik xizmat ko‘rsatish huquqini beruvchi ruxsatnoma uchun to‘lanadigan yig‘imlar ham fond mablag‘lariga yo‘naltiriladi.

Yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlardan undiriladigan jarimalar, depozitlardan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya tashkilotlari grantlari va boshqa maqsadli mablag‘lar ham fondga yo‘naltiriladi.

Mablag‘lar qayerga sarflanadi

Yig‘ilgan mablag‘lar turizm infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda xizmatlar sifatini oshirishga sarflanadi.

Shuningdek, mablag‘ mamlakatning turizm imkoniyatlarini targ‘ib qilish, innovatsiyalarni joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi. Yil yakunida sarflanmagan mablag‘ keyingi yilga o‘tkaziladi.

Qarorga ko‘ra, fondga har oy tushgan mablag‘ning 30 foizi «Turizm xizmatlari axborot markazi» hisob raqamiga o‘tkaziladi. Ushbu mablag‘ tezkor tadbirlarni tashkil etish va turizm sohasi xodimlarini rag‘batlantirish uchun ishlatiladi.

Теглар

Мавзуга оид

Tojikistonda turizm solig‘i joriy etilmoqda | Vaqt.uz