Logo

«Tolibon» Pokistonga javob zarbalarini yo‘lladi

Бугун 20:392 дақиқа

Mazkur zarbalar 28-iyun kuni Pokiston Afg‘onistonga bergan havo hujumlaridan so‘ng amalga oshirildi.

«Tolibon» Pokistonga javob zarbalarini yo‘lladi © Foto: rg.ru

Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumati Pokiston bilan chegara bo‘ylab joylashgan nishonlarga zarbalar berdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Zarbalar oqibatida Pokistonning janubi-g‘arbidagi Balujiston viloyatida bir necha kishi jarohat oldi. Pokiston Qurolli kuchlari to‘rtta oddiy konstruksiyadagi dron urib tushirilganini ma’lum qildi hamda har qanday navbatdagi provokatsiyaga «munosib javob berilishi» haqida ogohlantirdi.

Nashrga ko‘ra, ushbu hujum sodir bo‘lganini mustaqil ravishda tasdiqlay olishning iloji bo‘lmagan. Mazkur zarbalar 28-iyun kuni Pokiston Afg‘onistonga bergan havo hujumlaridan so‘ng amalga oshirildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha hujumlar oqibatida 28 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Bir necha oylik nisbiy osoyishtalikdan so‘ng mintaqada keskinlik yana kuchaydi.

Oktyabr oyida bir necha hafta davom etgan qonli to‘qnashuvlardan keyin ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Pokiston uzoq yillardan beri Afg‘onistonni o‘z hududida Pokistonga hujum qilayotgan terrorchilarni yashirishda ayblab keladi. «Tolibon» muvaqqat hukumati esa bu ayblovlarni rad etmoqda.

Kobul esa, o‘z navbatida, Islomobodni hech qanday sababsiz hujumlar uyushtirishda va buning oqibatida tinch aholi halok bo‘layotganida aybladi. Pokiston esa zarbalar faqat qurolli jangarilar nishonlariga qaratilganini ta’kidlamoqda. Afg‘oniston ma’lumotiga ko‘ra, 28-iyun kungi Pokiston hujumlari oqibatida turarjoylarga zarar yetgan, 36 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 160 dan ortiq kishi jarohat olgan. Afg‘oniston ushbu hujumni «qo‘rqoqona harakat» va «vahshiylik» deb atadi. Pokiston esa chegara bo‘ylab quruqlikdagi operatsiya o‘tkazgani hamda Afg‘onistonning Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlaridagi jangarilar yashiringan joylarga havo zarbalari berganini ma’lum qildi.

Mamlakat axborot vaziri Attaulloh Tarrarning aytishicha, «so‘nggi terrorchilik hujumlariga javoban» o‘tkazilgan operatsiya davomida 29 jangari yo‘q qilingan.

Har ikki davlat rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi oylarda chegaradagi vaqti-vaqti bilan yuz berayotgan to‘qnashuvlar hamda havo hujumlari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Fevral oyida ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar qurbon bo‘lgan. Mart oyida esa Pokistonning Kobuldagi giyohvandlikka qaram shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga bergan zarbasi oqibatida yuzlab odam halok bo‘lgan.

Bundan avval, iyun oyida Pokistonning havo hujumlari oqibatida 26 nafar jangari yo‘q qilingani ma’lum qilingan edi. «Tolibon» hukumati esa ushbu zarbalar oqibatida 13 kishi, asosan bolalar halok bo‘lganini bildirgan.

Теглар

Мавзуга оид