Toshkentda avtomobillar oqimi bir kunda 30 foizga oshdi
Yangi o‘quv yilining birinchi kuni poytaxt ko‘chalarida avtomobillar soni keskin ko‘paydi. Shunga qaramay, tirbandlik 6 balldan oshmadi.
© Vaqt.uz2-sentabr — yangi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkent ko‘chalarida transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, transport yuklamasi oshganiga qaramay, poytaxtda umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlangan. Ayrim ko‘chalarda harakat tezligi pasaygan bo‘lsa-da, tirbandlik keskin kuchayishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Markaz bunga transport oqimini doimiy kuzatish, svetoforlarni tezkor sozlash va asosiy chorrahalarda harakatni muvofiqlashtirish orqali erishilganini bildirdi.
Tirbandlik qanday boshqarildi?
YHTEM huzuridagi Vaziyatlar markazi poytaxtdagi muhim chorrahalarni markazlashgan tarzda nazorat qilmoqda. Mutaxassislar real vaqt rejimida yo‘l holati, svetoforlar, avtomobillar navbati va jamoat transporti harakatini tahlil qiladi.
Tirbandlik yuzaga kelsa, transport oqimi va qo‘shni ko‘chalardagi vaziyat baholanadi. Zarur hollarda svetoforning yashil chirog‘i uzaytiriladi, harakat fazalari qayta sozlanadi yoki chorrahalar o‘zaro muvofiqlashtiriladi.
YTH, buzilgan avtomobil yoki yo‘l tasmasining yopilishi kabi holatlar aniqlansa, ma’lumot YHXB xodimlariga yetkaziladi va joyida chora ko‘riladi.
Yuklama yana oshishi mumkin
Markazda YHTEM, shahar transport boshqarmasi, YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari hamda muhandislik va transport modellashtirish mutaxassislaridan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
Yaqin kunlarda ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilishi bilan poytaxtda transport yuklamasi yana oshishi mumkin. Shu bois harakat vaziyatini monitoring qilish kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi.





