Toshkentda bolalarga zo‘ravonlik qilingan xususiy bog‘cha faoliyati to‘xtatiladi
Toshkentda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aniqlangan «Rayyan Kids Land» xususiy bog‘chasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritildi. Qonunchilikka ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkiloti fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazsa, holat litsenziyani bekor qilishga asos bo‘ladi.
© KollajToshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan «Rayyan Kids Land» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining litsenziyasi bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Boshqarma xabariga ko‘ra, tekshiruvlar davomida mazkur ta’lim muassasasi tomonidan qonunchilikda belgilangan litsenziya talablari va shartlari oltita holat bo‘yicha qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.
Jumladan, 24-iyun kuni muassasa tarbiyachisi A.G. tomonidan tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilingani ham litsenziya talablarining qo‘pol buzilishi sifatida baholangan.
Ma’lum qilinishicha, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, agar nodavlat ta’lim tashkiloti litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzishi oqibatida fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilsa, bu litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan «Rayyan Kids Land» nodavlat ta’lim tashkilotiga berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xususiy bog‘chada tarbiyachilarning bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Videolarda tarbiyachilarning bolalarga tazyiq o‘tkazgani, tarbiyalanuvchilardan birining og‘ziga mato tiqqani, yana bir bolaning qo‘lini eshik bilan qisgani aks etgani jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, ayrim tarbiyalanuvchilarning tan jarohatlari bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Vaqt.uz bilan suhbatda pedagog va tarbiyachilarni ishga qabul qilishdan avval ularning bolalar bilan ishlashga psixologik hamda emotsional tayyorligini baholovchi maxsus ko‘riklarni joriy etish muhimligini ta’kidlagan edi.
«Pedagog va tarbiyachilarni ishga qabul qilishdan oldin ularning bolalar bilan ishlashga psixologik va emotsional jihatdan tayyorligi, ruhiy barqarorligini baholovchi tekshiruvlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda muhim preventiv chora bo‘lib xizmat qiladi», — degan u.
Rahmonova, shuningdek, Bolalar ombudsmani Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlashini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda Senat muhokamasiga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, pedagogik faoliyati davomida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etiladi.




