Logo

Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aytilmoqda

Бугун 12:152 дақиқа

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida tarbiyachilarning bolalarga nisbatan jismoniy tazyiq va shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi. Vaqt.uz Maktabgacha va maktab ta’limi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aytilmoqda © Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan jismoniy tazyiq va shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan videolavhalar tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Vaqt.uz'ga izoh berdi.

Tarqalgan videolarda tarbiyalanuvchilarga nisbatan bir qator shafqatsiz harakatlar sodir etilganini ko‘rish mumkin. Xususan, lavhalardan birida tarbiyachi bolaning og‘ziga latta tiqib, uni qiynayotgani aks etgan. Yana bir videoda esa bolaning qo‘li eshikka qisilib qolgani va uning yig‘layotganiga qaramay, muassasa xodimlari tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagani tasvirlangan. Shuningdek, boshqa bir lavhada tinch turgan bolaning orqasidan kelgan tarbiyachi uni sababsiz chimchilab o‘tgani yozib olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holatlar poytaxtda joylashgan «Rayyan Kids» nomli xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan. Videolar ommaga tarqalgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari aybdorlarga nisbatan qat’iy va qonuniy chora ko‘rilishini talab qilmoqda.

Vaqt.uz muxbiri holatga oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning ma’lum qilishicha, ayni paytda holat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida ishchi guruh tuzilgan.

«Voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritiladi va kasb etikasi qoidalariga rioya etmagan, holat uchun javobgar bo‘lgan barcha maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga qonun doirasida chora ko‘riladi», — deyiladi vazirlik izohida.

Vazirlik vakili, shuningdek, litsenziya talablariga javob bermaydigan hamda bolalar xavfsizligini ta’minlamagan har qanday maktabgacha ta’lim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

O‘zbekistondagi bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yoki shavqatsiz munosabatda bo‘lish, ularni ovqatdan va boshqa mahsulotlardan zaharlanishi bilan bilan bog‘liq holatlar juda ko‘p uchraydi. Ammo vazirlik va boshqa mas’ul idoralar hozirgacha bunday ko‘ngilsiz holatlarni kamaytirish borasida biror sezilarli natijaga erishgan emas.

Bir muddat avval Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoz Karimova bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan, kuch ishlatgan tarbiyachilarni ma’lum muddat tarbiyachilikdan chetlatilishini ko‘zda tutuvchi qonunchilik ustida ishlayotgani haqida ma’lumot bergan edi.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatidagi uchta bog‘chada 62 nafar bola ommaviy zaharlangan edi. Bolalarda tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar kuzatilgan.

Yana bir holatda esa Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalardan birida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga tushib ketib, og‘ir jarohat olgan. Oqibatda bolaning tanasining turli qismlari qattiq kuygan.

Теглар

Мавзуга оид