Logo

Turkiyada 10 ga yaqin o‘zbekistonlik noma’lum pul o‘tkazmalari sabab ushlandi

Бугун 21:342 дақиқа

Ularning ba’zilari deportatsiya markazlari va qamoqxonalarga joylashtirilgan.

Turkiyada 10 ga yaqin o‘zbekistonlik noma’lum pul o‘tkazmalari sabab ushlandi

Turkiyaning Aydin viloyatida 10 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bank kartalari orqali amalga oshirilgan shubhali pul o‘tkazmalari holati doirasida tergov qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 30 nafardan ortiq o‘zbekistonliklar ushlangani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha 10 nafarga yaqin fuqaro tekshiruvga jalb etilgan.

«Hozirgi vaqtda ularning ayrimlari sud qaroriga asosan jazoni ijro etish muassasasida, ayrimlari deportatsiya markazida saqlanmoqda. Yana bir qismi esa mamlakat hududidan chiqmaslik sharti bilan ozod etilib, ularga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Fuqarolarga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy choralar ularning mazkur jinoiy holatga aloqadorlik darajasi, bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazilgan mablag‘lar miqdori hamda tergov davomida aniqlanayotgan boshqa tafsilotlardan kelib chiqib belgilanmoqda.

Fuqarolarga ogohlantirish

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vaziyatni tegishli Turkiya idoralari bilan hamkorlikda kuzatib borayotganini va o‘zbekistonliklarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish doirasida zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

«Shu munosabat bilan Bosh konsulxona fuqarolarimizni shaxsiy bank kartalari, hisob raqamlari va mobil bank xizmatlarini begona shaxslarga bermaslikka, boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni qabul qilmaslik va o‘tkazmaslikka chaqiradi», — deyiladi bayonotda,

Shuningdek, bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, bundan tashqari, kelib chiqishi noma’lum mablag‘larni o‘tkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan barcha o‘zbekistonliklarni mamlakat qonunlariga qat’iy rioya qilishga va shubhali moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etmaslikka chaqirgan.

Теглар