Ukraina Saudiya Arabistoniga Eron dronlariga qarshi kurashda yordam bermoqda

Vladimir Zelenskiy Saudiya Arabistonida ukrainalik PVO ekspertlari bilan uchrashdi. Ukraina mutaxassislari qirollik osmonini Eron dronlari va raketalaridan himoya qilishga ko‘maklashmoqda.

Ukraina Saudiya Arabistoniga Eron dronlariga qarshi kurashda yordam bermoqda

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy Saudiya Arabistonida bir haftadan ortiq vaqtdan beri qirollikda ishlayotgan Ukraina havo hujumidan mudofaa bo‘yicha harbiy ekspertlari bilan uchrashdi. Tashrif 26-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislarning asosiy vazifasi — Eronning «Shahed» dronlari va raketalaridan himoyani kuchaytirishga yordam berishdir.

«Mintaqada osmonimizni himoya qilish bo‘yicha ekspertlarimizning asosiy vazifasi — muammoli masalalarni aniqlash va Eron «shahed»lari hamda raketalaridan aholini himoya qilishni kuchaytirish uchun qanday o‘zgarishlar kerakligini belgilashdir», — dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar ham operatsion, ham kengroq darajadagi ishning dastlabki natijalari haqida hisobot berishgan. Uchrashuvda dronlarni yo‘q qilish yondashuvlari va Saudiya osmoni himoyasini kuchaytirish choralari muhokama qilingan.

«Hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan aniq choralar bor», — deya qo‘shimcha qildi prezident. U hamkorlikning asosiy tamoyilini ham belgilab berdi: yordam — Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga taqdim etiladi.

Zelenskiy havo hujumidan mudofaa sohasidagi Ukraina ekspertizasining noyobligini ta’kidladi — u real jangovar sharoitlarda shakllangan va o‘z samaradorligini isbotlagan. Avvalroq, ukrainalik ekspertlar Qatar va BAAga ham yuborilgan edi. Kiyev, shuningdek, Iordaniyadagi AQSH harbiy obyektlarini himoya qilish uchun dron-tutqichlar va uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha mutaxassislarni yuborgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSHning iltimosiga binoan amalga oshirilgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp esa bu da’voni rad etib, «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida AQSH Yaqin Sharqdagi o‘z obyektlarini himoya qilish uchun Ukraina yordamiga muhtoj emasligini aytdi.

Теглар

Мавзуга оид