Urush sabab Saudiyada qolgan o‘zbeklarni taqdiri qanday kechadi?
Yaqin Sharqdagi voqealar tufayli umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi.
Mintaqada yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda. Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, ayni paytda o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi. Xususan, 2-mart kuni idora tomonidan rejalashtirilgan Toshkent–Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldirildi.
«Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi. Yurtdoshlarimizdan ushbu holatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va rasmiy ma’lumotlarga tayanib ish yuritishlarini so‘raymiz», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, mamlakatdagi barcha aviakompaniyalarga keyingi ogohlantirishga qadar ziyoratchilarni umra dasturi asosida Saudiya Arabistoniga olib borishni to‘xtatish topshirilgan. Ushbu cheklov Toshkent – Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlarga ham tatbiq etilgan.
Repatriatsiya rejasi
2026 yil 2-martdan boshlab «Uzbekistan Airways» tomonidan Jidda – Toshkent yo‘nalishida repatriatsiya reyslari yo‘lga qo‘yiladi. Ular orqali umra dasturi asosida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan O‘zbekiston fuqarolari bosqichma-bosqich Vatanga qaytariladi.
Aviakompaniya reyslar jadvali va tashkiliy masalalar bo‘yicha qo‘shimcha axborot alohida e’lon qilinishini bildirgan. Mazkur chora fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, havo zarbalari berilayotgan hududlarda ko‘plab o‘zbekistonlik va boshqa fuqarolar qolib ketgan. BAAdagi reyslar bekor qilinishi va havo hududining vaqtincha yopilishi oqibatida ularning ovqatlanish va yashash xarajatlari davlat tomonidan qoplanmoqda; aeroportlar va milliy aviakompaniyalar esa yo‘lovchilarga vaqtincha turar joy, ovqat-ichimliklar taqdim etish va reyslarni qayta bron qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.
AQSH–Isroil–Eron urushi
28-fevral kuni Isroil kutilmagan ravishda Eronga havodan zarbalar yo‘lladi. Zarbalarning Eron prezidenti qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga yetgani aytildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ttizdan ortiq raketa ishlatilgan. Keyinchalik Isroil Mudofaa kuchlari hujumni rasman tasdiqladi va fuqarolardan xavfsiz joyga yashirinishni so‘radi; mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.
AQSH va Isroil zarbalari natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘ldi.
Теглар






