Wildberries dron hujumlaridan zarar ko‘rgan sotuvchilarga tovon to‘laydigan bo‘ldi
Omborlarga qilingan hujumlar natijasidagi iqtisodiy zarar kamida 180 milliard rublga baholanmoqda.

Wildberries Ukraina dron hujumlaridan zarar ko‘rgan kichik biznes subyektlariga kompensatsiya to‘lashni boshladi.
Kompaniya bosh direktori Tatyana Kimning ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda Elektrostaldagi omborda tovarlari saqlangan qariyb 88 ming nafar kichik sotuvchi moliyaviy kompensatsiya oladi.
Shu bilan birga, Tatyana Kim kompaniya ofertasida dron hujumlari kabi favqulodda holatlarda Wildberries javobgarlikdan ozod etilishi belgilanganini eslatdi. Ushbu tahrir 2026-yil 7-iyuldan kuchga kirgan bo‘lsa-da, kompaniya sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Yirik biznes rejasi
Wildberries hozirda o‘rta va yirik sotuvchilar uchun alohida «sotuv simulyatori» deb atalgan kompensatsiya mexanizmini ishlab chiqmoqda.
Mexanizmga ko‘ra, tadbirkorlar tovarlari amalda yonib ketgan bo‘lsa ham, to‘lovlarni ular ombordan odatdagidek sotilganida qanday tushum olgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda qabul qiladi. Ya’ni hisob-kitoblar tovar sotilish tezligi, narxi va amaldagi chegirmalar asosida amalga oshiriladi.
Kompaniya bu yondashuv orqali omborlardagi hujumlar tufayli faoliyati izdan chiqqan sotuvchilarning moliyaviy bosimini yumshatishni maqsad qilgan.
Zarar ko‘lami katta
Wildberries omborlariga birinchi dron hujumi 18-iyulga o‘tar kechasi Tambov viloyatidagi Kotovsk va Moskva viloyatidagi Elektrostal logistika markazlariga qilindi.
Keyingi hujum 22-iyulga o‘tar kechasi Krasnodar hamda Stavropol o‘lkasidagi Nevinomissk omborlariga qaratildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu hodisalarni terakt sifatida baholagan. Tahlilchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Tambov va Moskva viloyatidagi yong‘inlar kamida 150 milliard rubllik tovarlarni yo‘q qilgan. Yonib ketgan zaxiralar qiymati 170–230 milliard rublgacha baholanmoqda.





