Xitoy eksport qilgan bir milliondan ortiq elektromobil xaridorsiz qoldi
Xalqaro energetika agentligi hisobotiga ko‘ra, ichki bozorda talab pasayishi ortidan eksportga yo‘naltirilgan avtomobillar jahon portlari va logistika omborlarida to‘planib qolmoqda.

Xitoydan so‘nggi bir yarim yil davomida eksport qilingan bir milliondan ortiq elektromobil hali ham yakuniy xaridorga yetib bormagan. Bu haqda 30-iyul kuni e’lon qilingan Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlarida qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, buning bir qismi dengiz orqali tashish muddatlari uzaygani bilan izohlanadi. Biroq agentlik jahonning turli portlari va logistika omborlarida avtomobillar zaxirasi me’yordan ortiq darajaga yetganini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, bu vaziyat Xitoy avtosanoati ichki bozorda talab pasayganidan keyin ortiqcha mahsulotni tashqi bozorlarga yo‘naltirgani bilan bog‘liq.
Ichki bozorda talab tushdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Xitoyda barcha turdagi avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizdan ortiqqa qisqargan. Natijada mamlakatda qariyb 2,5 milliontaga kam avtomobil sotilgan.
Shu bilan birga, Xitoyda avtomobil ishlab chiqarish hajmining pasayishi bor-yo‘g‘i 6 foizni tashkil etgan va ortiqcha mahsulot eksportga yo‘naltirilgan.
Eksport rekord sur’atda o‘sdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning umumiy avtomobil eksporti 65 foizga oshgan.
Elektromobillar eksporti esa yanada yuqori sur’atda o‘sib, 120 foizga ko‘paygan.


