Logo

Xivada 1,3 trillion so‘mlik kongress-xoll va turizm majmualari foydalanishga topshirildi

Бугун 08:002 дақиқа

Shaharda xalqaro anjumanlar va sayyohlar uchun mo‘ljallangan yangi Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda qabullar uyi foydalanishga topshirildi.

Xivada 1,3 trillion so‘mlik kongress-xoll va turizm majmualari foydalanishga topshirildi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilgan Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur obyektlar davlat rahbarining 2026 yil 30-apreldagi tegishli hujjati asosida barpo etilgan. Ularning ishga tushirilishi natijasida qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 50 ming nafar sayyohga mehmonxona xizmati ko‘rsatish va xizmatlar eksportini 4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Kongress-xoll va mehmonxona

Umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lgan Kongress-xoll qurilishi uchun 857 mlrd so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Majmua xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlar o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Kongress-xollga tutash hududda qiymati 169 mlrd so‘m bo‘lgan uch yulduzli mehmonxona ham qurilgan. Uning umumiy maydoni 1,6 gektar bo‘lib, 310 o‘ringa mo‘ljallangan 156 ta xona mavjud.

To‘rt qavatli mehmonxonada restoran-bar, bolalar xonasi, terrasa, yopiq basseyn, fitnes va velness hududlari tashkil etilgan. Mehmonxonadan Kongress-xoll, «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik bog‘i va hunarmandlar rastalariga yashil yo‘laklar orqali piyoda borish mumkin.

Qabullar uyi qurildi

Davlat rahbari «Xiva Ichan qal’a» qabullar uyini ham ko‘zdan kechirgan. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan mazkur majmua rasmiy tadbirlar o‘tkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etadi.

Bino me’morchiligida Xorazmga xos yog‘och o‘ymakorligi, ganjkorlik va ko‘k va firuza rangdagi koshinlardan keng foydalanilgan. Hududda vohaning tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari ham tashkil etilgan.

Yangi majmualar Xivaning turizm va ishbilarmonlik infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Loyihalar doirasida qariyb 2 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Prezident ushbu majmualardan samarali foydalanish, Xivada yirik xalqaro tadbirlarni ko‘paytirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Теглар

Мавзуга оид