Logo

Xodimlar o‘z ishini AI’ga o‘rgatmoqda — bu esa ularni ishsiz qoldiradi

O‘zbekistondagi DeepSales startapi hozirda sotuvchilarning qo‘ng‘iroqlarini tahlil qiladi. Kelajakda esa ularning kundalik vazifalarini bosqichma-bosqich AI’ga topshirib, «o‘zi gaplashadigan, o‘zi sotadigan» tizim yaratmoqchi. Hindistonda minglab ishchilar allaqachon boshiga kamera taqib, robotlarga o‘z ishini o‘rgatmoqda.

Xodimlar o‘z ishini AI’ga o‘rgatmoqda — bu esa ularni ishsiz qoldiradi

Bir necha yil ichida o‘zbekistonlik sotuvchi o‘z ish joyini o‘zi tayyorlagan AI o‘rinbosariga topshirishi mumkin.

Sun’iy intellekt sotuvchi mijozning e’tiroziga qanday javob bergani, qaysi ibora savdoni yakunlashga yordam bergani va suhbatning qayerida xaridor yo‘qotilgani haqida ma’lumotlarni yig‘adi va shu orqali tavsiyalar beradi. Oxir-oqibat o‘sha suhbatni sotuvchining o‘rniga o‘zi olib borishi mumkin.

Bu uzoq kelajak haqidagi taxmin emas. DeepSales startapi asoschilaridan biri Rustam Normamatov 10-avgust kuni efirga uzatilgan «Taqdimot» ko‘rsatuvida kompaniya aynan shu yo‘nalishda rivojlanishni rejalashtirayotganini aytdi.

Hozir platforma CRM tizimlariga tushgan qo‘ng‘iroq yozuvlarini avtomatik tahlil qiladi. Sotuvchiga suhbat davomida nimani to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilgani ko‘rsatiladi. Normamatovning aytishicha, hozircha dasturning o‘zi yetarli emas: tavsiyani qabul qilish va keyingi qo‘ng‘iroqda undan foydalanish baribir insonning o‘ziga bog‘liq.

1

«Taqdimot» loyihasida chiqish qilgan DeepSales asoschisi Rustam Normamatov.

Biroq kompaniyaning uzoq muddatli maqsadi yordamchi dastur bilan cheklanmaydi.

«Hozir biz bozorga faqat qo‘ng‘iroqlarni tahlil qiladigan vosita sifatida kirib kelganmiz. Kelajakda sotuvchilarning kundalik ishlarini AI o‘ziga olib, borib-borib o‘zi gaplashadigan, o‘zi sotadigan tizimga borishni reja qilganmiz», — dedi u.

DeepSales bu yo‘nalishda yolg‘iz emas. O‘zbekistonda ayrim kompaniyalar koll-markaz operatorlari va sotuvchilar bajargan vazifalarni AI’ga topshirishning keyingi bosqichiga allaqachon o‘tgan.

Eng yaqqol misollardan biri — TBC Uzbekistan. Bank uchun ishlab chiqilgan o‘zbekcha ovozli AI koll-markazdagi anonimlashtirilgan real suhbatlar asosida tayyorlangan. Yozuvlarni belgilash, til qoidalarini ishlab chiqish va model javoblarini baholashda koll-markaz xodimlarining o‘zi ham qatnashgan.

Natijada ular o‘rgatgan tizim ilgari operatorlar bajargan ishning katta qismini o‘z zimmasiga oldi. TBC Group hisobotiga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib ovozli AI agentlari qarzdorlikning dastlabki bosqichidagi to‘lovni eslatish qo‘ng‘iroqlarining 90 foizini amalga oshirgan.

Ishchi mehnat bilan birga o‘z tajribasini ham sotmoqda

O‘zbekistonda AI sotuvchining ovozi va iboralarini o‘rganayotgan bo‘lsa, Hindistonda u ishchilarning qo‘l harakatlarigacha kuzatmoqda.

Bloomberg yozishicha, 43 yoshli Sunita Rathor Nyu-Dehli chekkasidagi chiqindi saralash hududida plastik paketlardan yorliqlarni olib tashlaydi va ularni qayta ishlash uchun ajratadi. Bu ish uchun oyiga 20 ming rupiy yoki 211 dollar atrofida maosh oladi.

2

Sunita Rathor Nyu-Dehlida plastik chiqindilarni saralash jarayonini yozib olmoqda.

Endi uning boshiga iPhone o‘rnatilgan. Kamera pichoqni qanday ushlashi, yorliqni qanday ajratishi va chiqindilarni qaysi tartibda saralashigacha yozib oladi. Rathor buning uchun soatiga yana 150 rupiy oladi. Qo‘shimcha daromad unga to‘rt nafar farzandining ta’limi uchun ilk bor pul jamg‘arish imkonini bergan.

Lekin ayol videolar aynan nima uchun olinayotgani va keyinchalik kimga sotilishini bilmaydi. Aslida esa uning yillar davomida shakllangan harakatlari robotlarni o‘qitish uchun kerak bo‘lgan qimmatli ma’lumotga aylanmoqda.

Til modellari internetdagi milliardlab matnlarni o‘qib o‘rganishi mumkin. Robot uchun esa internetning o‘zi yetarli emas. U paketni qanday ushlash, matoni buklash, poyabzal tikish yoki payvandlash paytida bosimni qanday o‘zgartirishni inson ko‘zi bilan olingan videolar orqali o‘rganadi. Bunday yozuvlar «egotsentrik ma’lumotlar» deb ataladi.

Hindiston bu bozor uchun deyarli ideal poligonga aylangan. Mamlakatda boyroq davlatlarda allaqachon avtomatlashtirilgan ko‘plab jismoniy vazifalar hanuz millionlab odamlar tomonidan bajariladi. Ishchi kuchi arzon, bajariladigan ishlar esa xilma-xil.

Bloomberg keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, inson nigohi bilan olingan xom videoning bir soati AI kompaniyalariga 7 dollardan qimmatroqqa sotilishi mumkin. Harakatlar alohida belgilab va izohlab chiqilgan yozuvlar narxi esa soatiga 15–30 dollarga yetadi. Rathorga to‘lanayotgan 150 rupiy qariyb 1,6 dollarga teng.

3

Albatta, narxlar orasidagi farqning bir qismi kameralar, ma’lumotni tozalash, belgilash va saqlash xarajatlari bilan bog‘liq. Biroq bu zanjirda eng kam ulushni ma’lumotning asosiy manbasi — ishchining o‘zi olayotgani ham ko‘rinib turibdi.

U bir vaqtning o‘zida ikki xil mahsulot yaratmoqda: bugungi ishni bajarmoqda va ertaga shu ishni avtomatlashtirishga yordam beradigan raqamli qo‘llanma tayyorlamoqda. Birinchisi uchun maosh oladi. Ikkinchisining kelajakdagi qiymatidan esa ulushga ega emas.

Koll-markazlar uchun kelajak allaqachon boshlangan

Jismoniy mehnatni to‘liq robotlashtirish hali vaqt va katta investitsiya talab qiladi. Koll-markazlar va sotuv bo‘limlarida esa o‘tish tezroq kechishi mumkin. Chunki bu yerda suhbatlar allaqachon yozib olinadi, natijani o‘lchash oson va robotning jismoniy harakat qilishiga hojat yo‘q.

Hindistonning LimeChat startapi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 10 mingta oylik murojaatni qayta ishlash uchun kerak bo‘ladigan xodimlar sonini AI yordamida 80 foizga qisqartirish mumkinligini aytgan. Kompaniya o‘z botlari Hindistonda 5 mingta ishni avtomatlashtirganini da’vo qilmoqda.

Reuters o‘rgangan boshqa holatda reklama agentligi 15 nafar sotuvchini mijoz izlaydigan va ularga xat yuboradigan botlar bilan almashtirgan. Olti kishilik koll-markaz o‘rniga esa ingliz tilida gaplashadigan Neha ismli ovozli AI agenti joriy qilingan. Kompaniya xodimlarining umumiy soni bir yil ichida 40 foizga kamaygan.

Bu DeepSales asoschisi bayon qilgan yo‘nalishning boshqa bozorlarda allaqachon sinovdan o‘tayotgan ko‘rinishidir: AI avval qo‘ng‘iroqlar sifatini tekshiradi, keyin sotuvchiga nima deyishni tavsiya qiladi, oxirida esa suhbatni uning o‘rniga o‘zi olib boradi.

Jarayonning eng nozik tomoni shundaki, har bir bosqichda tizim inson yaratgan ma’lumotdan foydalanadi. Eng yaxshi sotuvchilar qaysi iboralar ishlashini ko‘rsatadi. Muvaffaqiyatsiz qo‘ng‘iroqlar esa AI’ga nimalarni aytmaslik kerakligini o‘rgatadi.

Kasb saqlanib qolishi, xodimlar soni esa kamayishi mumkin

Bu barcha sotuvchilar va koll-markaz operatorlari tez orada ishsiz qoladi, degani emas.

AI botlari hali ham noodatiy savollar, norozi mijozlar va standart ssenariydan tashqaridagi vaziyatlarda qiynalmoqda.

Shu sababli ishning to‘liq yo‘qolishidan ko‘ra, jamoalarning kichrayishi ehtimoli yuqoriroq. AI oddiy suhbatlarning katta qismini oladi, kamroq sonli xodimlar esa murakkab mijozlar va bot xatolarini nazorat qiladi. Kasb nomi saqlanadi, lekin shu kasbda ishlaydigan odamlar soni kamayadi.

4

O‘zbekiston banklaridan birining koll-markazida ishlayotgan xodim.

Xalqaro mehnat tashkiloti dunyodagi har to‘rtinchi ish o‘rni generativ AI ta’siriga ma’lum darajada duch kelishini hisoblagan. Tashkilot hozircha ishlarning butunlay yo‘qolishidan ko‘ra, ularning o‘zgarishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlaydi.

Ammo «ishlar o‘zgaradi» degan jumla xodimlar uchun avtomatik ravishda yaxshi xabar emas. Jahon iqtisodiy forumi so‘rovida qatnashgan ish beruvchilarning 41 foizi AI ayrim vazifalarni avtomatlashtirishi sabab xodimlar sonini kamaytirishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, 77 foizi mavjud xodimlarni qayta o‘qitmoqchi.

Muammo shundaki, yo‘qolgan va yaratilgan ishlar doim ham bir xil odamlar uchun, bir xil joyda va bir xil vaqtda paydo bo‘lmaydi. Toshkentdagi koll-markaz operatori ishidan ayrilgach, avtomatik ravishda AI muhandisiga aylanib qolmaydi. Buning uchun ta’lim, vaqt va o‘tish davridagi daromad kerak.

O‘zbekiston bunga tayyormi?

O‘zbekistonning sun’iy intellektni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi AI asosidagi mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazishni ko‘zda tutadi.

Hujjatda korxonalardagi jarayonlarni avtomatlashtirish, vaqt va resurslardan samarali foydalanish hamda xarajatlarni kamaytirish kutilayotgan natijalar qatorida sanalgan.

Strategiyada aholini o‘qitish, xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari ham bor. Biroq avtomatlashtirishning bandlikka ta’sirini o‘lchaydigan alohida ko‘rsatkich mavjud emas.

Masalan, qancha ish o‘rni AI ta’siriga tushishi, qancha xodim boshqa vazifaga o‘tkazilishi yoki texnologiya joriy qilgan kompaniyalarning qanday majburiyatlari bo‘lishi ochiq qolgan.

5

Toshkentdagi «Beshqozon» osh markazida mijozlarga osh olib borayotgan robot-ofitsiant.

Bu savollar endi faqat rivojlangan davlatlarga tegishli emas. Xodim uning qo‘ng‘iroqlari kelajakda shu ishni avtomatlashtiradigan modelni o‘qitishi mumkinligidan xabardor qilinadimi? Yillar davomida to‘plangan savdo tajribasidan yaratilgan iqtisodiy qiymat kimga tegishli bo‘ladi? AI tufayli tejalgan xarajatning bir qismi xodimlarni qayta o‘qitishga yo‘naltiriladimi?

Yangilangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida mehnat bozorini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini 2026 yil noyabrga qadar ishlab chiqish belgilangan. Demak, AI ta’siridagi kasblarni aniqlash va xodimlarning o‘tish davrini moliyalashtirish masalasini keyin emas, hozir muhokama qilish imkoniyati bor.

Gap AI’ni taqiqlash yoki mahalliy startaplarning rivojlanishini to‘xtatish haqida emas. DeepSales kabi mahsulotlar kompaniyalarning savdosini oshirishi, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashi va yangi texnologik bizneslar yaratishi mumkin.

Biroq texnologiyaning foydasi kompaniyada qolib, unga moslashish xarajati faqat xodim zimmasiga tushsa, bu teng almashinuv bo‘lmaydi.

Nyu-Dehlidagi ishchi boshiga o‘rnatilgan telefonni ko‘rib turibdi. O‘zbekistondagi sotuvchi esa qo‘ng‘iroqdan keyin ekranda paydo bo‘ladigan baho va tavsiyalarnigina ko‘rishi mumkin. Ammo ikkala holatda ham kundalik mehnat ikki xil natija bermoqda: bugungi mahsulot yoki xizmat va ertangi avtomatlashtirish uchun ma’lumot.

Asosiy savol AI barcha sotuvchilarni almashtiradimi, degan savol emas. Muhimi — xodimdan olingan bilim kimga tegishli bo‘lishi va undan foyda ko‘rilganda xodimning o‘zi nima olishi.

Aks holda xodim AI’ni o‘rgatadi, iqtisodiy foyda kompaniyada qoladi, yangi hayotga moslashish xarajati esa yana xodimning o‘ziga yuklanadi.

Теглар

Мавзуга оид