Logo

Xorijda o‘qiyotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga ishga jalb qilinadi

Бугун 08:002 дақиқа

Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yangi avlod rahbarlarini saralash hamda 2030 yilgacha milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha yangi tizimni ko‘rib chiqdi.

Xorijda o‘qiyotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga ishga jalb qilinadi © finance.yahoo.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda davlat xizmati uchun zamonaviy kadrlar zaxirasini shakllantirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, mamlakatga har yili 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilinishi, eksport hajmining 40 milliard dollarga yaqinlashishi va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarning ko‘payishi raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zarur kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda.

Shu munosabat bilan sun’iy intellekt orqali iqtisodiyot tarmoqlari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga talab yuqori ekani aniqlangan. Ayniqsa, energetika va «yashil» texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori ekani qayd etilgan.

«TOP-100» tanlovi yo‘lga qo‘yiladi

Yangi tizimga ko‘ra, rahbar kadrlar an’anaviy «obyektivka» emas, balki bilim, tajriba, strategik fikrlash, liderlik qobiliyati va psixologik xususiyatlarni qamrab oladigan portfolio asosida baholanadi.

Nomzodlar 100 ballik mezon orqali saralanadi, sun’iy intellekt esa ular uchun shaxsiy rivojlanish dasturini shakllantiradi.

Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini tanlab olish, 2030 yilgacha esa 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli rahbardan iborat milliy kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladigan «TOP-100» ochiq tanlovini tashkil etish taklif qilingan

«Xorijdagi talabalar» moduli ishga tushiriladi

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlangan.

Bu borada 2026 yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida «Xorijdagi talabalar» modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda ta’lim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi ta’minlanadi.

«El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyati takomillashtiriladi

Taqdimotda «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, jamg‘arma transformatsiyasidan so‘ng dunyoning eng nufuzli 100 universitetida tahsil olayotgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetgan.

Shuningdek, iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, ularning startaplari va ilmiy tadqiqotlarini grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash hamda Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida rahbarlar uchun liderlik dasturlarini tashkil etish takliflari bildirilgan.

Теглар

Xorijda o‘qiyotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga ishga jalb qilinadi | Vaqt.uz