Yaqin Sharq urushi tufayli lyuks brendlar inqirozga yuz tutmoqda

Urush oqibatida LVMH, «Kering» va «Hermès» kabi yirik brendlar sotuvlari keskin pasaydi.

Yaqin Sharq urushi tufayli lyuks brendlar inqirozga yuz tutmoqda

Yaqin Sharqdagi yetti haftalik urush global hashamatli mahsulotlar bozoriga jiddiy zarba berdi.

Sohaning yetakchi kompaniyalari — LVMH, «Kering» va «Hermès» birinchi chorakda sotuvlar pasayganini e’lon qildi.

«Bloomberg»ning yozishicha, bunga asosiy sabab aviaqatnovlar qisqarishi va sayyohlik safarlarining bekor qilinishi bo‘lgan.

Nashrning qayd etishicha, Yaqin Sharqlik xaridorlar lyuks segmentdagi eng yirik mijozlardan hisoblanadi. Ular nafaqat Dubay kabi markazlarda, balki Yevropa shaharlarida ham asosiy iste’molchilar sanaladi. Ushbu toifadagi xaridorlar faolligining pasayishi butun bozorga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Katta yo‘qotishlar

«Hermès International SCA» mintaqadagi sotuvlari 5,9 foizga kamayganini ma’lum qilgan. Bu xabar ortidan kompaniyaning bozor qiymati bir kunda qariyb 20 milliard dollarga qisqardi, aksiyalari esa 14 foizga arzonlashdi.

«Yanvar va fevral oylarida ikki xonali raqamlar bilan ifodalanuvchi ajoyib o‘sish kuzatilgan edi, biroq mart oyida Yaqin Sharqdagi faoliyatimiz deyarli to‘xtab qoldi», — dedi «Hermès» moliyaviy direktori Erik dyu Xalgue.

Fransiyada ham turistlarning xarajatlari kamaygani sababli sotuvlar 2,8 foizga pasaygan.

Bundan tashqari, Shveysariya va Buyuk Britaniyadagi do‘konlar ham Yaqin Sharqlik xaridorlar oqimi kamayganidan zarar ko‘rgan.

LVMH va «Kering»da pasayish

LVMHning moda va charm buyumlar bo‘limi sotuvlari 2 foizga qisqargan. «Kering» guruhining Yaqin Sharqdagi chakana daromadlari esa 11 foizga tushib ketgan.

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa lyuks kompaniyalarining umumiy bozor qiymati yil boshidan beri 176 milliard dollarga kamaygan. Birgina LVMH qariyb 100 milliard dollar yo‘qotgan.

Kengroq iqtisodiy ta’sir

Urush neft va gaz ta’minotiga ta’sir ko‘rsatib, inflatsiya xavfini kuchaytirmoqda. Bu esa iste’molchilarning xarid qobiliyatini pasaytiradi. Shu sababli «Dior» va «Gucci» kabi brendlar orqali kutilgan bozor tiklanishi ham xavf ostida qolmoqda.

Shu bilan birga, «Breitling AG» ham talab pasayganini ma’lum qildi. Kompaniya aviaqatnovlar qisqargani sababli mintaqaga mahsulot yetkazib berish hajmini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Теглар

Мавзуга оид