Yaqin Sharqdagi urush: Yevropada gaz narxlari yana oshdi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushining tez orada tugashi haqidagi so‘nib borayotgan umidlar Yevropada neft va gaz narxlarining keskin oshishiga olib kelmoqda. Yevropa fyucherslari so‘nggi uch yil ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi va ularning narxi qariyb 19 foizga oshdi.

Yaqin Sharqdagi urush: Yevropada gaz narxlari yana oshdi

Yevropada gaz yetkazib berish bo‘yicha fyucherslar so‘nggi uch yildan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi, ularning narxi esa qariyb 19 foizga oshdi. Bu haqda 9-mart kuni «Reuters» agentligi xabar berdi.

Bu ko‘rsatkich qariyb bir hafta avvalgi darajadan yana 3 yevrodan ortiqqa yuqori. Yevropada bu turdagi yoqilg‘i narxining yanada oshishiga asosiy sabab sifatida agentlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushining tez orada yakunlanishi haqidagi umidlar so‘nib borayotganini keltiradi.

«Societe Generale Commodities Research» tahlilchilari fikricha, Yaqin Sharqda davom etayotgan harbiy harakatlar narxlar dinamikasiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Qatar va Birlashgan Arab Amirliklaridan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi noaniq vaziyat tufayli qisqargan.

Bundan tashqari, hozirda Isroil quvurlari orqali gaz cheklangan hajmda yetkazib berilmoqda. Shu sababli Misr va Iordaniyada suyultirilgan tabiiy gazga bo‘lgan talab oshib bormoqda.

Shu bilan birga, «Bloomberg» agentligining yozishicha, hozirgi narxlar avvalgi energetik inqirozlar davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan ancha past. Tarixiy maksimum bir megavatt-soat uchun 300 yevrodan ham oshgan edi. Hozirgi inqiroz hatto 2022-yil bilan taqqoslaganda ham ancha kichik ko‘lamda, o‘shanda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Yevropada gaz narxi 90 yevro atrofigacha ko‘tarilgan edi.

YIda neft va gaz zaxiralari mavjud

Yetkazib berish zanjiridagi uzilishlarga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlarida neft va gaz zaxiralari yetarli. Bu haqda 9-mart kuni Yevropa komissiyasi ma’lum qildi.

«Bizni energiya ta’minoti xavfsizligidan ko‘ra, energiya narxlarining yuqoriligi ko‘proq xavotirga solmoqda», – deyiladi YeK matbuot xizmati xabarida.

«Financial Times» gazetasi yozishicha, G7 mamlakatlari moliya vazirlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Xalqaro energetika agentligi (XEA) muvofiqlashtiradigan strategik zaxiralardan neft va gazni birgalikda chiqarish imkoniyatini muhokama qiladi.

XEAga a’zo mamlakatlar ixtiyorida 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxirasi mavjud. Manbalardan birining aytishicha, ayrim amerikalik amaldorlar 300–400 million barrel, ya’ni zaxiralarning taxminan 25–30 foizini bozorga chiqarishni maqbul deb hisoblamoqda.

Neft narxi 2022-yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushini hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilib qolishini hisobga olganda, neft narxi 2022-yildan beri birinchi marta 100 dollardan oshdi.

London birjasida 9-mart kuni savdolar boshida Yevropada etalon hisoblangan «Brent» markali neft fyucherslari vaqtincha qariyb 26 foizga oshib, bir barrel (159 litr) uchun 116,6 dollargacha ko‘tarildi, deb xabar berdi «Reuters».

Nyu York tovar birjasida «West Texas Intermediate» (WTI) markali amerika neft fyucherslari ham 26,51 foizga oshib, 115 dollarga yetdi.

7-mart kuni Isroil ilk bor Eronning neft infratuzilmasiga havo zarbalari berdi — Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obyekti hujumga uchradi.

Javob tariqasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obyektlariga zarba berish bilan tahdid qildi.

«Agar siz neft narxi bir barrel uchun 200 dollardan oshishiga toqat qila olsangiz, o‘yinni davom ettiring», – degan Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakili.

Теглар

Мавзуга оид