Logo

Yarim yilda soliq tushumlari 75,1 foizga ko‘paydi – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov

Бугун 12:542 дақиқа

Yarim yilda davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 63,2 trln so‘mga oshdi. Xarajatlarning yarmidan ko‘pi ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy to‘lovlarga yo‘naltirilgan.

Yarim yilda soliq tushumlari 75,1 foizga ko‘paydi – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov © Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Yilning yarmida davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘m so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 63,2 trln so‘mga ko‘p. Daromadlarning sezilarli oshishi bevosita soliqlar tushumining 75,1 foizga ko‘paygani bilan bog‘liq.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Eng katta tushum bevosita soliqlardan — 77 trln so‘m bo‘lgan. Bilvosita soliqlar orqali 61,6 trln so‘m, resurs va mol-mulk soliqlaridan esa 29,1 trln so‘m tushgan.

Shu bilan birga, mahalliy budjetlar ham qo‘shimcha 6,2 trln so‘mlik manbaga ega bo‘lgan.

Budjet puli nimalarga sarflandi?

Davlat budjeti xarajatlarining yarmidan ko‘pi — 105,8 trln so‘m yoki 51,5 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan.

Buning asosiy qismi ta’lim va sog‘liqni saqlashga sarflangan:

●     49,5 trln so‘m — ta’limga;

●     22,7 trln so‘m — sog‘liqni saqlashga;

●     7,3 trln so‘m — nafaqa va moddiy yordam to‘lovlariga.

Shuningdek, budjet xarajatlarining 161,3 trln so‘mi yoki 78,5 foizi barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

Iqtisodiyot 8,5 foizga o‘sdi

Hisobotda mamlakat iqtisodiy o‘sishi ham qayd etilgan. Yilning dastlabki olti oyida yalpi ichki mahsulot 8,5 foizga o‘sgan.

Eng yuqori o‘sish bozor xizmatlarida — 16,9 foiz, qurilishda — 13,8 foiz, sanoatda — 8 foiz, qishloq xo‘jaligida esa 4,7 foiz bo‘lgan.

Shu davrda asosiy kapitalga investitsiyalar 17,5 foizga oshib, 338,9 trln so‘mga yetgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 12,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Oltin eksportni hisobga olmaganda, eksport hajmi esa 31,6 foizga o‘sib, 14,4 mlrd dollarga yetgan.

Hisobotga ko‘ra, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshidan inflatsiya darajasi 3,3 foizgacha pasaygan.

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakunida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 180 mlrd dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. So‘nggi o‘n yilda mamlakatga 160 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan.

Теглар

Мавзуга оид