Logo

Yirik korxonalarning yarmi foydasi bilan kredit foizlarini qoplay olmayapti — Markaziy bank

Moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilishicha, mamlakatdagi yirik kompaniyalarning 51 foizida soliqlardan oldingi foyda qarzlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga yetmaydi.

Yirik korxonalarning yarmi foydasi bilan kredit foizlarini qoplay olmayapti — Markaziy bank © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank tahliliga kiritilgan 440 ta yirik korxonaning 51 foizida soliq to‘lashdan oldingi foyda qarzlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga yetmagan. Bu qariyb 225 ta korxona degani. Bu haqda Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilingan.

Regulyator korxonalarning qarz foizlarini to‘lash imkoniyatini maxsus koeffitsiyent orqali baholagan. U soliq to‘lashdan oldingi sof foydaning foiz xarajatlariga nisbatini ko‘rsatadi. Koeffitsiyent 100 foizdan past bo‘lsa, korxonaning joriy foydasi foiz to‘lovlarini to‘liq qoplamayotgan bo‘ladi.

Markaziy bank bunday holat korxonada defolt xavfi yuqoriligidan ogohlantirishini qayd etgan. Biroq koeffitsiyentning 100 foizdan pastligi korxona avtomatik ravishda qarzini to‘lamaydi degani emas.

1

Foiz to‘lovlari mavjud pul zaxiralari, aktivlarni sotish, qayta moliyalashtirish yoki boshqa manbalar hisobidan ham bajarilishi mumkin.

Shu bilan birga, korxonalar bo‘yicha umumiy qoplash koeffitsiyenti 937 foizga yetgan. Ya’ni umumiy hisobda soliq to‘lashdan oldingi foyda foiz xarajatlaridan 9,37 baravar yuqori bo‘lgan.

Umumiy ko‘rsatkichning yuqoriligi va korxonalarning 51 foizida qoplash darajasi 100 foizdan pastligi bir-biriga zid emas.

Bunday katta tafovut umumiy natija ayrim yuqori foydali korxonalar hisobiga shakllangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq sharhda median ko‘rsatkich yoki korxonalar kesimidagi taqsimot berilmagan.

2025 yil yakunida zarar ko‘rayotgan korxonalar ulushi 2 foiz bandga kamayib, 37 foizni tashkil etgan. Foiz xarajatlarini foydasi bilan qoplay olmayotgan korxonalar ulushi esa 51 foizligicha qolgan.

Demak, muammo faqat zarar ko‘rayotgan tashkilotlar bilan cheklanmagan: foyda ko‘rsatgan korxonalarning ham bir qismida bu foyda qarz foizlarini to‘lashga yetmagan.

Boshqa ko‘rsatkichlarda ijobiy o‘zgarish kuzatilgan. Korxonalar majburiyatlarining kapitalga nisbati 7 foiz bandga kamayib, 152 foizga tushgan.

Joriy likvidlilik koeffitsiyenti 131 foizga, aktivlar rentabelligi esa 19 foizga yetgan. Markaziy bank shu ko‘rsatkichlar asosida korporativ sektorning umumiy moliyaviy holati yaxshilanganini qayd etmoqda.

Biroq 51 foizlik ko‘rsatkich korporativ qarzdorlarning katta qismi foiz stavkalari oshishi yoki daromadlar kamayishiga nisbatan zaifligicha qolayotganini ko‘rsatadi. Bu banklarning korporativ kredit portfeli uchun ham potensial kredit xatari hisoblanadi.

Sharhda foiz xarajatlarini qoplay olmayotgan korxonalar qaysi tarmoqlarga mansubligi, ularning qancha qarzi borligi hamda kreditlari qaysi banklarda jamlangani ochiqlanmagan.

Shuningdek, davlat va xususiy korxonalar bo‘yicha alohida taqsimot keltirilmagan. Shu sababli 51 foizlik ko‘rsatkichning bank tizimi uchun real xavf ko‘lamini hozircha to‘liq baholab bo‘lmaydi.

Yana bir cheklov shundaki, tahlilga kiritiladigan korxonalar ro‘yxati yirik qarz oluvchilar tarkibi va ma’lumotlarning mavjudligiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Shu bois ko‘rsatkichni barcha yirik korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etish yoki yillar bo‘yicha mutlaq bir xil tanlanma sifatida solishtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Теглар

Мавзуга оид

Yirik korxonalarning yarmi foydasi bilan kredit foizlarini qoplay olmayapti — Markaziy bank | Vaqt.uz