Logo

Zelenskiy Putindan uchrashuv so‘radi: U nima taklif qilmoqda va Rossiya bunga rozi bo‘ladimi?

Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2022-yilda urush boshlanganidan beri tinchlik muzokaralari olib borilmoqda, biroq hanuzgacha aniq bir natijaga erishilgani yo‘q.

Zelenskiy Putindan uchrashuv so‘radi: U nima taklif qilmoqda va Rossiya bunga rozi bo‘ladimi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llab, Moskvaning Kiyevga qarshi qariyb to‘rt yildan buyon davom etayotgan urushini tugatish masalasini muhokama qilish uchun yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.

4-may kuni Ukraina prezidentining rasmiy saytida to‘liq taqdim etilgan va diplomatik kanallar orqali Rossiya hamda AQSH kabi qator davlatlarga yuborilgan mazkur maktub Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini beshinchi yilga o‘tgan bir paytda e’lon qilindi.

Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, 4-may kuni butun mamlakat bo‘ylab Rossiya tomonidan amalga oshirilgan hujumlar oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan va o‘nlab insonlar yaralangan. Zelenskiy o‘z murojaatida to‘rt yildan ortiqroq davom etgan qonli urushda Rossiya zarbalari qurboniga aylangan kamida 707 nafar bolani ham yodga oldi.

Ayni paytda, Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida sodir bo‘lgan 4-may kungi dron hujumlari oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. 3-may kuni esa Ukraina Rossiyaning Sankt-Peterburgdagi neft majmuasi va harbiy-dengiz bazasiga zarba yo‘llagan edi.

Ikki davlat 2022 yilning fevralidan beri bilvosita tinchlik muzokaralarini olib bormoqda, biroq ularning sezilarli natijasi ko‘rinmayapti. AQSH prezidenti Donald Tramp ham Putin va Zelenskiy bilan uchrashib, ularni urushni tugatish masalasini muhokama qilish uchun muzokaralar stoli atrofiga o‘tqazishga urindi, ammo hozircha bu sa’y-harakatlar ham samara bergani yo‘q.

Zelenskiy o‘z maktubida nimalar dedi?

Zelenskiy mazkur maktubida Putinga murojaat qilar ekan, uning Rossiyadagi 26 yillik boshqaruvining qariyb yarmi «Ukrainaga qarshi urush olib borish» bilan o‘tganini ta’kidladi. Shuningdek, rossiyaliklar Ukrainaning raketa va dron hujumlaridan, inflatsiya va yoqilg‘i taqchilligidan tobora charchayotganini qayd etdi.

«Rossiyaliklar bu voqelikdan, ya’ni urush Rossiyaning o‘ziga tobora ko‘proq salbiy oqibatlar olib kelayotganidan nihoyat jiddiy noqulaylik his qila boshlaganini barchamiz ko‘rib turibmiz», — deb yozdi Ukraina rahbari.

Shuningdek, u Putinga urushning cho‘zilib ketishi Rossiya prezidentining shaxsiy mavqeiga ham xavf tug‘dirishi mumkinligini eslatib o‘tdi.  

«Bu siz yaxshi biladigan Rossiya tarixidagi achchiq haqiqat: Rossiya charchaganida, o‘zgarishlar davri boshlanadi», — deyiladi maktubda.

«26 yillik boshqaruvdan keyin insonning yoshi ham o‘z so‘zini aytadi», — deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy.

Zelenskiyning yozishicha, u va Ukraina xalqi jang maydonida Rossiya tomonidan berilayotgan qurbonlar haqida kamroq qayg‘ursa-da, har bir ukrainalikning hayoti ular uchun juda qadrli.

«Hatto Ukraina va Rossiyaning yo‘qotishlari nisbati birga besh yoki birga olti bo‘lgan taqdirda ham, bu biz uchun juda katta yo‘qotish hisoblanadi. Biz Ukrainada urush doimiy bo‘lishini xohlamaymiz. Urushsiz hayot cheksiz darajada yaxshiroq ekanini juda yaxshi tushunamiz va aynan shunga erishishni istaymiz», — dedi u.

Zelenskiy AQSHning butun diqqat-e’tibori Eronga qarshi urushga qaratilgan bir paytda «Yevropadagi mojaro yana ularning diqqat markaziga qaytishini shunchaki kutib o‘tirish noto‘g‘ri bo‘lishini» qayd etdi va tinchlikka olib boruvchi yo‘lni taklif qildi.

«Ushbu urushdan chiqish yo‘lini tanlashdan cho‘chimang. Hozir sizdan talab qilinadigan asosiy narsa shu», — dedi Ukraina rahbari.

«Ukraina bu urushni ikkimizning o‘rtamizdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali yakunlashni taklif qiladi. Men uchrashuv o‘tkazishni taklif qilaman... Agar siz bu urushni tugatish vaqti keldi degan xulosaga kelmasangiz, Ukraina o‘z mavjudligini saqlab qolish uchun kurashishda davom etaveradi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Uchrashuv o‘tkaziladigan joyga to‘xtalar ekan, Zelenskiy shunday dedi: «Urush va tinchlik masalalarini hal qilish uchun an’anaviy ravishda yetakchilarni qabul qilib keladigan davlatlar bor. Xususan, Shveysariya, Turkiya, Arab dunyosi mamlakatlari — ularning ko‘pchiligi bunday uchrashuvga mezbonlik qilishga qodir va bunga tayyor».

«Biz Yevropa, ya’ni vaziyatga haqiqatan ham ta’sir o‘tkaza oladigan kuchlar ham bu jarayonning bir qismi bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz. Shuningdek, muzokaralarda Qo‘shma Shtatlar ham ishtirok etishi shart. Aynan shu omil dunyoning biz yashayotgan qismida yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishga yordam beradi», — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu maktubni «urushni tugatish bo‘yicha aniq, amalga oshirish mumkin bo‘lgan qadamlar va shaxsiy uchrashuvga taklifni o‘z ichiga olgan jiddiy va mazmunli taklif» deb ta’rifladi.

«Biz ushbu taklifga tayinli javob kutamiz. Bu urushni tugatish vaqti keldi. Tinchlikni tanlash vaqti allaqachon yetdi».

Maktub nima uchun muhim ahamiyatga ega?

AQSHning Germaniya Marshall jamg‘armasi Berlin ofisi katta ilmiy xodimi Markus Siner «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida maktubning ommaga e’lon qilinishi Rossiyani o‘z rejalarini ochiq ko‘rsatishga majbur qilishini, ayni paytda esa Ukrainaning diplomatiyaga tayyor ekanini butun dunyoga isbotlashini ta’kidladi.

«Bu ham ma’naviy ustunlikni, ham javob berish majburiyatini to‘liq Kreml zimmasiga yuklaydi», — dedi u.

Biroq, ekspert bu Zelenskiyning Putinga qilgan ilk murojaati emasligini ham eslatib o‘tdi.

«Yaqin o‘tmishda, xususan, 2025 yilning 11-mayida u Putin bilan yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazish uchun Turkiyaga borishga tayyorligini ochiq va aniq ma’lum qilgan edi», — dedi Siner.

Ekspertning fikricha, Zelenskiyning bu galgi taklifi Ukraina prezidentining «jang maydonida Rossiya armiyasiga qarshi muvaffaqiyatli harbiy zarbalar berish, jumladan, Rossiya ichkarisidagi infratuzilma obyektlarini nishonga olish fonida o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortganini» ko‘rsatadi.

«Ukraina rahbari ayni paytda tashabbus o‘z qo‘lida ekaniga va shu sababli muzokaralar taklif qilish uchun eng qulay vaqt kelganiga ishonmoqda».

Putin Zelenskiyning taklifini qabul qildimi?

Rossiya prezidenti matbuot kotibining ma’lum qilishicha, Putin Zelenskiyning maktubidan xabardor, biroq uning mazmuni bilan hali batafsil tanishib chiqmagan.

Ammo 4-may kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan yirik yillik iqtisodiy forumda Putin Rossiya qo‘shinlari Ukraina ichkarisiga kirib borishda davom etayotganini ta’kidladi.

«Hujumlar har kuni davom etmoqda. Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi Lugansk xalq respublikasini yuz foiz, ya’ni to‘liq nazorat qilmoqda. Rossiya Donetsk xalq respublikasi hududining 85 foizdan ortig‘ini ham o‘z nazoratiga olgan. Zaporoje hududining esa 80 foizini», — dedi u Moskva 2022 yildan beri o‘ziniki deb e’lon qilgan Ukrainaning to‘rtta hududidan uchtasiga ishora qilib.

«Tabiiyki, bunday sharoitda Ukraina tomoni ilgarilashni to‘xtatishimizni istaydi. Ammo buni to‘xtatgandan ko‘ra, Ankorijda muhokama qilingan murosalarga rozi bo‘lib, urushni butunlay yakunlagan ma’qul», — dedi u 2025 yilning avgust oyida Alyaskada Tramp bilan o‘tkazilgan va hech qanday kelishuvsiz yakunlangan sammitni nazarda tutib.

Zelenskiy Putinga yo‘llagan maktubida Rossiyaning «Alyaskada Ukraina va Yevropaga tegishli ayrim masalalarni hal qilishga va’da berganini» eshitganini yozgan, biroq Ukraina va Yevropa masalalari Ankorijda hal qilinishi mumkin emasligini qo‘shimcha qilgan.

«Urush Yevropada borayotgani, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari kerakligi, shu bilan birga sizning [Putinning] ham o‘zingiz uchun xavfsizlik kafolatlarini qidirayotganingiz sababli, bu jarayonga haqiqatan ham kafil bo‘la oladigan tomonlarni jalb qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘lar edi», — dedi Zelenskiy.

Putin Zelenskiyning taklifini qabul qilish-qilmasligi noma’lum bo‘lsa-da, u Sankt-Peterburgdagi anjumanda shunday dedi: «Biz albatta Ukraina bilan tinch yo‘l orqali kelishuvga erishishga tayyormiz va buni istaymiz. Xususan, Ankorijda prezident Tramp bilan uchrashuvimiz chog‘ida muhokama qilingan asoslarda».

«Mojaro yakuniga yetganda bir-birimizga nima deyishimiz mumkinligiga kelsak, hech bo‘lmaganda “Xayriyat, hammasi ortda qoldi” deya olamiz va aslida shunday deyishimiz ham kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Hozircha Putin faqatgina tinchlik bitimi to‘liq kelishib olinganidan keyin Zelenskiy bilan Moskvada yoki uchinchi davlatda uchrashishga rozilik bergan, xolos.

Ekspert Markus Sinerning fikricha, Rossiya harbiy jihatdan bosim ostida qolgan bir paytda Putinning Zelenskiy tomonidan berilgan so‘nggi taklifga rozi bo‘lishi dargumon. Chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga rozi bo‘lish Kreml tomonidan zaiflik belgisi sifatida qabul qilinishi mumkin.

«Qolaversa, Zelenskiy bilan uchrashish Kremlning Ukraina prezidentini noqonuniy qilib ko‘rsatishga qaratilgan ko‘p yillik targ‘ibotini yo‘qqa chiqaradi», — dedi u.

Endi AQSH va Yevropa kattaroq rol o‘ynaydimi?

Donald Tramp 2025 yil yanvar oyida ikkinchi marta AQSH prezidenti etib saylanganidan buyon Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatishga va’da berib kelmoqda.

U ushbu masalani muhokama qilish maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Biroq bu sa’y-harakatlar hozircha hech qanday natija bermadi.

Sulh bo‘yicha muzokaralar, asosan, Rossiyaning Ukrainadan bosib olgan hududlarini o‘z nazoratida saqlab qolish talabi tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ukraina esa o‘z hududlaridan hech qanday shartlarsiz voz kechishga tayyor emasligini qat’iy bildirib kelmoqda.

24-may kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio uch tomonlama muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar tinchlik muzokaralarining yangi bosqichini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Ekspert Markus Sinerning qayd etishicha, garchi Tramp Zelenskiyning ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, bu amalda AQSHning Ukrainaga nisbatan real yordamini anglatadimi yoki yo‘qmi — bu asosiy savol bo‘lib qolmoqda.

«Albatta, Tramp urushning tugashini istaydi. Biroq u Eron bilan bo‘layotgan mojaroga shu qadar ko‘p kuch sarflamoqdaki, Ukraina masalasi bilan faolroq shug‘ullanishni xohlamasligi mumkin. Yevropa esa Zelenskiyning bu qadamini shubhasiz qo‘llab-quvvatlaydi», — deydi tahlilchi.

Tramp Oq uyga qaytganidan buyon tinchlik muzokaralaridan biroz chetda qolayotgan Yevropa yetakchilari aslida 2022 yilda urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirishga bir necha bor chaqirgan edi.

Shu yilning may oyida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha rahbarlari Kiyevda Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Mazkur tashrif Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qizil maydondagi G‘alaba paradida o‘z ittifoqchilarini qabul qilganining ertasigayoq, G‘arbning Ukraina bilan birdamligini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan edi.

Chorshanba kuni Germaniyaning rasmiy vakili «Reuters» axborot agentligiga bergan bayonotida, Rossiya va Yevropa o‘rtasida Ukraina masalasi bo‘yicha muloqot oynasi sekin-asta ochilayotganini, biroq muzokaralarning amalda boshlanishi uchun hali bir necha oy vaqt kerak bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Ushbu muzokaralarga aynan kim boshchilik qilishi hozircha noma’lum. Ammo nemis mulozimi «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, jarayonda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya muhim rol o‘ynashidan dalolat beruvchi kuchli belgilar mavjud.

Biroq payshanba kuni Putin Yevropa yetakchilarining sulh muzokaralaridagi ishtirokini qat’iyan rad etdi.

«Agar Yevropa Ittifoqi yoki unga a’zo bo‘lgan alohida davlatlar biz qurolli mojaro olib borayotgan mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular qanday qilib vositachi bo‘lishi mumkin?» — deya savol tashladi u Sankt-Peterburgda jurnalistlar bilan muloqotda.

«Vositachilik o‘z-o‘zidan betaraflikni nazarda tutadi», — deya ta’kidladi Rossiya rahbari.

Теглар

Мавзуга оид

Zelenskiy Putindan uchrashuv so‘radi: U nima taklif qilmoqda va Rossiya bunga rozi bo‘ladimi? | Vaqt.uz