Zelenskiy Ukrainaning yangi mudofaa vazirini tayinladi
Bundan oldingi mudofaa vaziri Mixail Fedorov Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Aleksandr Sirskiy bilan yuzaga kelgan keskin ziddiyat sababli o‘z lavozimini tark etgan edi.

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy mamlakat mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi etib shu paytgacha Ukraina Xavfsizlik xizmatiga (UXX) rahbarlik qilib kelgan Yevgeniy Xmarani tayinladi.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, yangi vazirning oldiga mudofaa sohasidagi islohotlarni davom ettirish, shuningdek, Rossiya hududiga beriladigan uzoq masofali zarbalar ko‘lamini kengaytirish va armiyani barcha zarur ta’minot bilan jihozlash kabi asosiy vazifalar qo‘yilgan.
Shu bilan birga, prezident tez orada Yevgeniy Xmaraning nomzodini rasmiy tasdiqlash uchun Ukraina parlamenti — Oliy Radaga kiritishini bildirgan.
UXXning yangi rahbariyati va Xmaraning o‘tmishi
«Ukrainskaya pravda» nashri manbalarining xabar berishicha, Yevgeniy Xmaraning Mudofaa vazirligiga o‘tishi ortidan Xavfsizlik xizmatiga yaqin vaqt ichida uning birinchi o‘rinbosari Aleksandr Poklad rahbarlik qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Yevgeniy Xmara 2026 yilning yanvar oyidan buyon Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ushbu tayinlovga qadar u SXXning «Alfa» maxsus operatsiyalar markaziga rahbarlik qilgan. Shuningdek, Xmara 2022 yilda Qora dengizdagi Ilon (Zmeiniy) orolini ozod qilish operatsiyasiga bevosita boshchilik qilgani bilan ham tanilgan.
Oldingi vazirning iste’fosi
Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi mudofaa vaziri Mixail Fedorov Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Aleksandr Sirskiy bilan yuzaga kelgan keskin ziddiyat sababli o‘z lavozimini tark etgan edi. Fedorovning iste’fosi Ukrainaning turli hududlarida ommaviy norozilik aksiyalarini keltirib chiqardi.





